375

Rossiya Islom instituti bilan hamkorlikda onlayn seminar tashkil etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom dinining Rossiya hududida tarqalishi va amal qilishining asosiy bosqichlari” mavzusida onlayn seminar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi hamda Rossiya Islom instituti tomonidan akademik hamkorlik doirasida o‘tkazilgan tadbirda Rossiya Islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Rafik Muxametshin, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Saidakbar Agzamxo‘jayev, kafedra professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatini kafedra mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muxamedov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng Rafik Muxametshin Rossiyaga islom dinining kirib kelishi, rivojlanishi, bugungi kundagi holati haqida so‘z yuritdi.

– Islom dini Rossiya hududida ilk marta paydo bo‘lganidan so‘ng darhol Volgabo‘yi, Kavkaz, keyinchalik butun Rossiya hududiga tarqaldi, – deydi Rafik Muxametshin. – Volgabo‘yida islom dinining yoyilishida O‘rta Osiyo, jumladan, Xorazmdan kelgan diniy arboblarning roli katta bo‘lib kelgan. Jumladan, tarixiy manbalarda Volgabo‘yi Bulg‘oriyasida islom dinining qabul qilinishida buxorolik fiqh olimlari alohida o‘rin tutgani qayd etiladi. Bugungi kunda Rossiyaning musulmon hududlarida yangi madrasalar va maktablar ochilib, masjidlar barpo etilayotgani quvonarli holdir.

 

Tadbir yakunida talabalar tomonidan ma’ruzachiga mavzu yuzasidan savollar berildi. Ishtirokchilar qizg‘in muhokamalar ostida o‘tgan davra suhbati uchun tadbir mehmoniga minnatdorlik bildirishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish