39

Imom Dorimiy

IMOM DORIMIY

Olimning toʻliq ismi Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussomad Abu Muhammad Tamimiy Samarqandiy Dorimiy boʻlib, hofiz, shayxulislom unvonlari bilan tanilgan. Manbalarda uning Imom Abdulloh ibn Muborak Marvaziy vafot etgan yilda tugʻilgani sababli unga Abdulloh degan ism qoʻyilgani rivoyat qilingan. Imom Zahabiy va Imom Suyutiy oʻz asarlarida olimni muhaddislarning toʻqqizinchi tabaqasida zikr etganlar.

Muhaddisning bobosi Banu Tamim qabilasi mavlosi hamda Paygʻambar (s.a.v.)ning kotiblaridan biri boʻlgan Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Manot ibn Tamimga bogʻlangan holda allomaga “Dorimiy” nisbasi qoʻllangan. Shu bilan birga, muhaddisni Samarqanddagi Doram qishlogʻiga nsibat berib, “Doramiy” nisbasi bilan ataganlar ham bor.

Olimning bobosi asli arab boʻlib, fath sababli Movarounnahr hududiga kelib, bu yerda muqim yashab qolgan. Imom Dorimiy yoshlik chogʻidan oʻzining oʻtkir zehni va kuchli hifzi bilan boshqalardan ajralib turgan. Manbalarda olimning oilasi haqida maʼlumotlar kam uchraydi. Uning togʻasi Abu Usoma Ahmad ibn Muoviya hamda jiyani Abu Ahmad Fazl ibn Muhammad Dorimiylarning hadis rivoyat qilganlaridan kelib chiqib, olim ziyolilar oilasida oʻsgan deyish mumkin.

Imom Dorimiy dastlabki taʼlimni Samarqandda olgan. Bundan tashqari, hayoti davomida Misr, Iroq, Shom, Hijoz va Xurosonning turli shaharlaridagi olimlardan ilm olib qaytadi. U taxminan qirq yoshida haj ibodatini ado etadi. Haj ziyoratidan Samarqandga qaytib kelganidan soʻng maʼlum muddat shayxulislom lavozimida faoliyat olib boradi.

Dorimiyga zamonasining koʻplab koʻzga koʻringan olimlari taʼlim berganlar. Ular qatorida Yazid ibn Horun Zodiy, Muhammad ibn Bashshor Bundor, Muhammad ibn Yusuf Faryobiy, Ismoil ibn Abon Varroq Azdiy, Abdulloh ibn Solih Juhaniy, Ahmad ibn Abdulloh Tamimiy, Yahyo ibn Main Gʻatafoniy, Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Xalaf, Abdulloh ibn Said Kindiy, Abd ibn Humayd Keshiy kabi mashhur olimlarni qayd etish mumkin.

Muhaddis Abd ibn Humayd shunday degan: “Abdulloh (Dorimiy) bizning ustozimizdir. Dunyoda uning oʻxshashi mavjud emas”. Imom Abu Hotim: “Oʻz zamonasining imomi”, deb taʼkidlagan.

Olim Ibn Hayyon shunday degan: “Taqvodor hofizlardan boʻlgan. Hadislarni yodlagan, toʻplagan, fiqhni oʻrgangan, kitoblar yozgan, hadis rivoyat qilgan. Oʻz yurtida sunnatni yoygan”.

Xatib Bagʻdodiy: “Hofiz va jahongashtalardan biri, ishonchliligi, zuhdi, taqvodorligi bilan ajralib turadi. Samarqandda qozi boʻlgan”, degan. 

Imom Dorimiyning mufassirligi toʻgʻrisida olim Muhammad ibn Ibrohim ibn Mansur Sheroziy: “Imom Dorimiy komil mufassir edi. U aqlda, fahmda, fazlda, dinda yetuk edi. U zotning yod olish zehni, halimligi, bosiqligi, tirishqoqligi zarbulmasaldir”, deb taʼrif beradi. 

Imom Dorimiy yashagan davrda hozirgi Oʻrta Osiyo hududida hadis ilmi gurkirab rivojlangan. Ammo olim dars berishga qattiq eʼtibor qaratgani sababli uning asarlari soni boshqa olimlarnikidek koʻp emas. 

Olimning Imom Dorimiy boʻlib tanilishida mashhur “as-Sunan” asarining oʻrni beqiyos. Bu asarni baʼzilar “al-Musnad” deb ham ataydilar. Ibn Moja oʻz kitobiga yolgʻon bilan ayblangan kishilardan rivoyat qilingan hadisni kiritgani uchun baʼzi ulamolar “olti sahih” qatoriga Ibn Moja sunanini emas, balki Dorimiyning sunan asarini kiritish lozimligini taʼkidlaganlar. Chunki Dorimiyning sunanida, garchi mursal, mavquf hadislar boʻlsa ham zaif roviylar va munkar hadislar juda oz.

Imom Dorimiy “Sunan” kitobidagi hadislarning aksariyati fiqhiy masalalarga oid. Unda noaniq soʻzlarning uchramasligi asarni mashhur qilgan omillardan sanaladi. Asarning nomi toʻgʻrisida ulamolar orasida biroz ixtiloflar bor. Imom Zahabiy, Ibn Saloh, Mulla Ali Qori kabi ulugʻ olimlar uni “Musnad” deb, Alouddin Magʻlatoydek olimlar esa “Sahih” deb nom berganlar. Lekin Imom Ibn Hajar va Imom Suyutiy taʼkidlaganlaridek, bu kitob kishilar orasida “Sunan” nomi bilan shuhrat qozongan. 

Asarda asosan fiqhiy masalalardagi hadislar jamlangan boʻlib, ular mavzularga ajratilgan. Musnad turkumidagi asarlarda esa hadislar mavzularga qarab emas, balki roviy sahobiyga asosan toʻplanadi. Shu bilan birga, hadislar ishonchliligi nuqtayi nazaridan asarda sahih hadislar jamlangan deyish ham mumkin.

Imom Dorimiyning ushbu “Sunan” asari 3465 ta hadisni oʻz ichiga olgan.

Imom Dorimiy hadis ilmidan tashqari tafsir, fiqh kabi ilmlarda ham yetuk olimlardan hisoblanadi. Olim “Kitob savm al-mustahozot val mutahayyirot” (“Istehoza koʻruvchi va odat kuni tayin boʻlmagan ayollarning roʻzasi haqida kitob”) nomli fiqhiy asar ham yozgan. Shuningdek, manbalarda olimning “Kitob at-tafsir”, “al-Jomeʼ”, “as-Sulosiyyot fi-l-hadis”, “Kitob as-sunna fi-l-hadis”  kabi asarlari zikr qilingan.

Imom Dorimiyning vafot etgan sanasi, dafn etilgan mavzesi haqida turli xil fikrlar mavjud. Biroq aksariyat ishonchli manbalarda, jumladan, Xatib Bagʻdodiy, Abu Hafs Nasafiy, Shamsuddin Zahabiy kabi olimlarning taʼkidlashlaricha, Imom Dorimiy vafot etgan sana milodiy hisobda 869-yilning 18-noyabriga toʻgʻri keladi. Ayrim turk va arab tadqiqotchilarining kitob­larida alloma dafn etilgan joy sifatida Xurosonning Marv shahri koʻrsatiladi. Biroq Shamsuddin Zahabiy “Tarix al-islom” asarida olimning ukasi Ibrohim ibn Abdurahmon Dorimiyning (vaf. 880) Samarqandda vafot etgani hamda akasining yoniga dafn qilingani haqida maʼlumot beradi. Shuningdek, Najmiddin Umar Nasafiy Imom Dorimiy Chokardiza qabristoniga dafn qilingan, unga Samarqand amiri Ahmad ibn Yahyo ibn Asad janoza oʻqigan, deb aytsa, “Samariya”da Imom Dorimiyning qabri Shavdor tumanidagi Ispaniy (hoz. Ispandiy) qishlogʻida, Samarqand shahri bilan mozorning orasi 11 chaqirimcha yoʻl, deb keltiriladi. Muhaddis janozasini ehtirom yuzasidan Samarqand amirining shaxsan oʻzi oʻqigani hamda ukasi dafn etilgan joyi haqidagi maʼlumotlar olimning qabri Samarqand yaqinida ekaniga dalolat qiladi. 2000-yilda Samarqand viloyati, Toyloq tumani, Ispandiy qishlogʻida Imom Dorimiy maqbarasi va Jome masjid taʼmirlanib, obod qilindi.

 

 

Imom Dorimiy Ilmiy tadqiqot ishlari haqida batafsil ma`lumot.

 

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish