978

Akademiya hududi tarixi

Shayx xovandi tohur yodgorlik majmuasi – XIX asrda Shayxontohur Toshkent shahrining to‘rt dahasidan biri bo‘lib, u janubdan Beshyog‘och, g‘arbdan Ko‘kcha, shimoldan Sebzor dahalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Bu to‘rtala daha ham mingboshilar tomonidan boshqarilgan. XIX asr o‘rtalarida Toshkentdagi mavjud 12 darvozalarning uchtasi, ya’ni Qo‘ymas, Qo‘qon, Qashg‘ar, shuningdek 48 ta mahalla, 70 ta masjid, 3 ta madrasa Shayxontohur dahasida bo‘lgani manbalarda ko‘rsatib o‘tilgan.

Majmua Toshkentning eng e’tiborli tarixiy obidalaridan hisoblangan bo‘lib, uning tarkibiga shaharning qadimiy yodgorlik binolari kirgan. Majmua Shayxontohur tumanida, ikki asosiy ko‘cha – Alisher Navoiy (qadimgi Toshko‘cha) va Abdulla Qodiriy ko‘chalari orasida joylashgan. Arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, IX–XII asrlarda bu yerda aholi nihoyatda kam yashagan.

(Shayx xovandi tohur majmuasi — Toshkentdagi meʼmoriy yodgorlik (15— 19-asrlar). Shayx Xovandi Tohur maqbarasi (19-asrda koʻhna poydevori ustiga qayta qurilgan), ziyoratxona va goʻrxonadan iborat. Bezaksiz, ichki devorlari chuqur ravoqli, darchalariga koshinkori panjaralar oʻrnatilgan; xonalar gumbazlar bilan yopilgan, goʻrxonaning qoʻshqavatli gumbazi 12 qirrali asosga oʻrnatilgan.)

 

Yunusxon maqbarasi – Shayx Xovand Tahur yodgorlik majmuasining g‘arbiy tomonida Yunusxon maqbarasi joylashgan. Bu maqbara Shayx Xovand Tahur yodgorlik majmuasida va umuman Toshkentdagi eng katta va salobatli maqbaralardan hisoblanadi.

(Yunusxon maqbarasi — Toshkentdagi me’moriy yodgorlik (XV asr); Islom universiteti hududida joylashgan. Toshkent hokimi Yunusxon vafoti (1487)dan so‘ng Shayxontohur qabristonida Yunusxonning o‘g‘li Ahmadxon (Olachaxon) tomonidan qurdirilgan deb taxmin etiladi, qurilish keyingi davrlarda ham davom ettirilgan. Maqbara to‘rtburchak tarhli (21,2x22 m), peshtoqgumbazli, katta xona (7x7 m), ikki yonida qo‘sh qavatli hujralardan iborat. Binoning tashqi gumbazi, peshtoq ravog‘i (XIX-asr da) buzilib ketgan, bezaklari saklanmagan, bino bir necha marta ta’mirlangan. Xonaqohning ichki qismiga ganchkori naqshlar, muqarnaslar ishlangan. 1970yillarning oxirida Yunusxon maqbarasining vayron bo‘lgan qismlari tiklandi; 1999—2005 yillarda ta’mirlandi.)

 

 

Qaldirgʻochbiy maqbarasi – yolg‘iz xonadan iborat, balxi gumbaz tomli ushbu maqbara Toshkentdagi eng qadimiy yagona namuna hisoblanadi. Bu yerda olib borilgan o‘rganishlar maqbaraning XV asrda qurilganini ko‘rsatadi. Maqbara 24-26 sm o‘lchamdagi, qalinligi 4,5-5 sm pishiq g‘ishtdan sariq tuproqli loy bilan qurilgan. Ichi xoj shaklida, tomonlarining o‘lchami 6 metrdan. Xonaning to‘rt burchagida kichkina hujrachalar va unga zinapoyalar mavjud bo‘lgan. Qaldirg‘ochbiy shaxsiyati haqida bir qancha mualliflar ma’lumotlar berib o‘tganlar. Ulardan Muhammad Solihxo‘janing ma’lumotiga ko‘ra, u mashhur dashti qipchoq shahzodasi Qaldirg‘ochbibi bo‘lib, Shayx Umar Bog‘istoniy muridlaridan biri bo‘lgan. U umrini toatu ibodatda o‘tkazgan va qaldirg‘ochlarga ko‘rsatgan mehri uchun shu nom bilan atalgan.

(Qaldirgʻochbiy maqbarasi —Toshkent shahridagi meʼmoriy yodgorlik (15-asr 1-yarmi). Shayx Xovandi Tohur majmuasi tarkibida, koʻhna qabristonning shimolida. Maqbara pishiq gʻishtdan (25×25×5sm) chortoq tarhli (9,48×9,48 m), bir xonali (tarhi 6×6 m), qoʻsh qavat gumbazli qilib qurilgan; 12 qirrali tashqi kulohsimon choʻqqi gumbazi pishiq gʻishtdan ganch qorishmasida terilgan. 

Maqbara ichiga jan. tomondagi eshik orqali kiriladi, xonadagi tepaga chiqiladigan aylana zinalar qalin deporichiga joylashgan; tagxona ichidan bir necha jasad qoldiqlari topilgan. Maqbara bezaklaridan 15-asrga mansub sharafalarning qoldiqlarigina saqlangan. 1970 yilda tashqi gumbazi taʼmirlangan.)

Izoh qoldirish