1

Xorijlik professor ishtirokida binar dars o‘tkazildi

Bugun Rossiya markaziy musulmonlari diniy idorasi Bosh kotibi, islom ilmlari olimi, iroqlik Shayx Abdurazzoq as-Sa’diy ishtirokida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida binar dars o‘tkazildi.

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi hamkorligida tashkil etilgan binar darsi “Zamonaviy fiqhiy masalalar” fanidan o‘tkazildi.

Akademiya Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ilhom Bekmirzayev tashrif buyurgan mehmonlarni qutlab, binar darsni ochiq deb e’lon qildi. 

Shundan so‘ng Shayx Abdurazzoq as-Sa’diy Akademiya dotsenti Mirodil Xaydarov bilan hamkorlikda “Zamonaviy fiqhiy masalalar” fani doirasida ma’ruza qildilar. 

Ma’ruzalar o‘zbek va arab tillarida olib borildi. Unda fatvo va muftiy, fatvo berish mas’uliyati, soxta fatvolarni ajarata olish, fiqhiy mazhablar va ularga ergashish, zamonaviy fatvo markazlarining jamiyat va davlat boshqaruviga moslashuvi va ular oldida turgan muammolar hamda yechimlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish masalalari yoritib berildi.

Eslatib o‘tamiz, Shayx Abdurazzoq as-Sa’diy 1949-yil Iroqda tavallud topgan. 1975-yilda Bag‘dod universiteti “Islomshunoslik” fakultetini, 1979-yilda “Al-Azhar” universiteti magistratura bosqichini tamomlagan. 1984-yilda “Ummul Quro” universitetida “Ibn Faloh va uning Mug’niy asari tahqiqi” mavzusida doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan. 

Iroq diniy ishlar va vaqf vazirligi huzuridagi ta’lim muassasalarida mudarris, imom-xatib, Iroq davlati Prezidentining din ishlari bo’yicha maslahatchisi, bir qator xalqaro va mintaqaviy islomiy tashkilotlar a’zosi, Malayziya xalqaro islom universiteti ustozi sifatida faoliyat olib borgan.

Shayx Abdurazzoq as-Sa’diy grammatika, arab adabiyoti, fiqh, tafsir, siyrat, Qur’onshunoslik kabi yo’nalishlarda 100 dan ortiq ilmiy risola va maqolalar muallifidir. Bundan tashqari, Malayziya, Indoneziya, Umon, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya kabi qator xorijiy davlatlarda mahorat darslari, seminar-treninglar o‘tkazgan. Shuningdek, ko‘plab mahalliy va xalqaro anjumanlarda ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etib kelmoqda.

Binar dars savol-javob va amaliy shaklda hamda ilmiy nuqtai nazardan foydali tarzda o‘tildi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish