374

“Islom tafakkuri” jurnalining navbatdagi soni nashr etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom tafakkuri” ilmiy-ma’rifiy, diniy-madaniy, axborot nashrining 3-soni nashr etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi muassisligidagi “Islom tafakkuri” jurnali islom dinining asl mohiyatini anglatish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, ulamolar va ilohiyotchi olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlarni yoritishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bosh muharrirligida o‘zbek, ingliz, rus va arab tillarida nashr etiladigan jurnalning 3-sonida Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda olimlari tomonidan sohaga doir muhim ilmiy tadqiqotlari, taklif va tavsiyalar, dolzarb mavzudagi maqolalari o‘rin olgan.

Jurnal 124 sahifadan iborat bo‘lib, “Manbashunoslik va tilshunoslik”, “Dinshunoslik”, “Islomshunoslik”, “Moziyga bir nazar”, “Islom huquqi”, “O‘chmas siymolar”, “Pedagogika va psixologiya”, “Axborot xavfsizligi” kabi ruknlardan tashkil topgan.

Nashrning mazkur sonida “Imom Buxoriyning “al-Jome as-sahih” asari va uning nodir qo‘lyozmalari”, “Turkiston general-gubernatorligidagi pravoslav tashkilotlari”, “Nasaf ulamolarining islom ilmlari rivojidagi o‘rni”, “Arab xalifaligi boshqaruv tizimining shakllanishi”, “Ustrushanalik qozi va uning ilmiy merosi”, “Mahalla axborot tizimining funksional imkoniyatlari” va shu kabi ilmiy-ma’rifiy maqolalar o‘rin olgan. 

Jurnalni mutolaa qilish va undagi maqolalardan foydalanish istagida bo‘lganlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining rasmiy veb-sayti iiau.uz orqali tanishishlari mumkin.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish