1

Yangi o‘quv yili oldidan Akademiya Kengashi majlisida muhim masalalar muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Akademiya kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.

Majlisni Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Akademiya rektori kuni kecha nishonlangan va shukuhi hamon mamlakatimizda kezib yurgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklab, yangi o‘quv yili oldidan barchaga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh fidoyi Akademiya vakillariga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni topshirildi. 

Xususan, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Jamoliddin Karimov, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi” dotsenti Abdulhay Abdullayev, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti A’zamxon Qambarov yuksak medal bilan taqdirlandilar. 

Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.

Shundan so‘ng Kengash raisi Muzaffar Komilov kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan so‘z yuritib, Akademiyaning muhim va mas’uliyatli lavozimiga munosib nomzodni tayinlash haqida tegishli buyruq qabul qilinganini bildirdi.

Xususan, Akademik litsey direktori etib Islomshunoslik fakulteti dekani Jahongir Tohirov tayinlandi. 

O‘z navbatida Islomshunoslik fakulteti dekani lavozimiga shu kunga qadar “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri Rasulov G‘ayrat Pardayevich;

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri lavozimiga Xatamov Toxir Abdumutalovich;

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri lavozimiga Allaqulov Abdulatif Abdullayevich; 

“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri lavozimiga Akramov Mirmuxsin Rustamovich; 

Registrator ofis boshlig‘i lavozimiga Ro‘zaliyev Begzod Avazjonovichlar tayinlandi.

Yig‘ilish davomida yangi lavozimda ish boshlayotgan xodimlarning kelgusi ish faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi.

Shundan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Kamilov Akademiya Kengashining yangilangan tarkibini tasdiqlash hamda 2026/2027-o‘quv yilini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va muassasa oldida turgan dolzarb vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Akademiya zimmasiga katta vazifalar qo‘yilayotgani, yoshlarni ilm-ma’rifatli etib tarbiyalashda muhim muassasa bo‘lishi kerakligi, yoshlarni sifatli ta’lim bilan ta’minlash ustuvor maqsad ekani ta’kidlandi. Barcha mas’ul mutasaddilar yoshlar bilan ishlash tizimini yanada shakllantirish uchun “Strategik yo‘nalish” tuzishi zarurligi qayd etildi. “Har bir talabaning taqdiri biz uchun muhim” dedi Akademiya rektori.

Zero, davlatimiz rahbari mustaqilligimizning 35 yillik bayrami tantanalaridagi nutqlarida aytganlaridek, “Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir”.

Akademiya rektori o‘z so‘zida davom etar ekan, ilmiy salohiyatni yanada kuchaytirish kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanini alohida ta’kidladi.

Professor-o‘qituvchilar va xodimlar hamda talabalar orasida kitobxonlik madaniyatini oshirish kerakligi qayd etildi.

Majlis davomida Akademiya Kengashining 2026/2027-o‘quv yili ish rejalari loyihasi muhokamasi bo‘yicha Kengash kotibi Jaloliddin Bo‘riyev so‘zga chiqdi.

2026/2027-o‘quv yilida kadrlar tayyorlash va ularga zamon talabi darajasidagi shart-sharoitlarni yaratish, ta’lim-tarbiya va ilmiy-tadqiqot, xalqaro faoliyat sifatini oshirishga mo‘ljallangan o‘quv yili ish rejalari loyihasi muhokamasi bo‘yicha soha prorektorlari, fakultet dekanlari hamda bo‘lim boshliqlarining hisobotlari tinglandi.

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, o‘quv-uslubiy faoliyatga doir hujjatlar (malaka talabi, o‘quv reja, o‘quv dasturi) hamda professor-o‘qituvchilarning o‘quv yuklamalarini tasdiqlash xususida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Mahfuza Alimova ma’lumot berdi.

Yig‘ilish davomida 2026/2027-o‘quv yilida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash bo‘yicha maxsus komissiyasi qarorini tasdiqlash to‘g‘risida Kengash kotibi Jaloliddin Bo‘riyev axborot berdi.

Majlisda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Ilhom Bekmirzayev Akademiyada Ilmiy faoliyatga oid Ilmiy etika qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida so‘z yuritdi. 

Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarov tomonidan Akademiyada bakalavriat va magistratura talabalarining bilimini baholash bo‘yicha oraliq va yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish tartibiga qisman o‘zgarish kiritish hamda o‘quv jarayoni samaradorligini baholash tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi ma’lumotlari tinglandi. 

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.

Xususan, iqtidorli talabalar bilan ishlash borasida yangicha mexanizm yaratish, yoshlar uchun Akademiyada shart-sharoitlar yaratish kerakligi qayd etildi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish