Muhammad Sodiq Qoshg‘ariyning “Zubdat al-masoil” asari
MANBALAR SO‘ZLAGANDA
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” bo‘limida “Zubdat al-masoil” asari qo‘lyozmasi 64-raqam ostida saqlanadi.
Qo‘lyozmaning muqova qismi och jigarrangda bo‘lib, tayakisi to‘q qizil charmdan ishlangan. Ustki qismida sahhofning uchta gulli tamg‘asi bosilgan. Tilchasi mavjud. Asar 145 varaqdan iborat bo‘lib, varaq o‘lchami 20,5x13 hamda matn o‘lchami 16x9,5ni tashkil etadi. Qo‘lyozma eski turkiy tilda qora siyoh bilan yozilgan. Muhim so‘zlar qizil siyoh bilan va tagiga chizilgan holda berilgan.
Asarning ilk va so‘nggi sahifasi farzats varaqdan iborat. Qo‘lyozma yaxshi holatda saqlangan, ammo asarning oxirgi varaqlari mavjud bo‘lmaganligi tufayli u tugallanmay qolgan. Ba’zi sahifalarda qora va sariq dog‘lar mavjud.
Mazkur asar kundalik turmushda qat’iy amal qilinishi zarur bo‘lgan shariat va aqida qoidalarining majmui sanaladi.
Muallif haqida
Muhammad Sodiq Qoshg‘ariy 1725-yilda Qoshg‘arda dehqon oilasida tug‘ilib, 1849-yilda shu yerda vafot etgan hamda Yusuf Xos Hojib maqbarasi yonidagi qabristonga dafn etilgan. Manbalarda olimning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumotlar juda ozchilikni tashkil etadi. Biroq Qoshg‘ariy qoldirgan bebaho merosdan uning tarixchi, adib, tarjimon va faylasuf alloma ekani namoyon bo‘ladi. Shuningdek, u o‘z asarlarida “Sodiqo” taxallusi bilan ruboiy, bayt va g‘azallar bitgan.
Manbalarda uning “Tazkirai Azizon”, “Zubdat al-masoil”, “Tazkirai ashob al-kahf”, “Odob as-solihin”, “Qiyofat al-bashar” kabi asarlari zikr etilgan. Shuningdek, u “Iskandarnoma”, “Tarix ar-rusul va-l-muluk”, “Tarixi Rashidiy” hamda “Munojot” kabi arab va fors tillaridagi asarlarni mahorat bilan turkiy tiliga tarjima qilgan.
Muhammad Sodiq Qoshg‘ariyning “Odob as-solihin” asari Sharq xalqlari odob qoidalarini o‘zida mujassam etgan adabiyotlar qatoridan o‘rin olgan. Asar o‘sha davrda madrasalarda asosiy fan sifatida o‘qitilgan. Shuningdek, allomaning tarixshunoslikda katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan “Tazkirai Xojagon” asaridan g‘arblik olimlar keng foydalanganlar. Qoshg‘ariyning shariat va aqidaga oid moʻtabar asari “Zubdat al-masoil” hisoblanadi.
“Zubdat al-masoil” asari xususida
Muhammad Sodiq Qoshg‘ariyning “Zubdat al-masoil” asari aqidaga oid juda muhim va qimmatli manbalaridan biri sanaladi. O‘z nomidan ma’lumki, asarda shariat va aqidaga oid masalalarning qaymog‘i berilgan.
Asar o‘sha davrdagi ehtiyoj va talabni inobatga olgan holda, xalq tushunadigan turkiy tilda sodda va ravon yozilgan. U o‘zida mashhur “Aqoid al-Jaloliya”, “Aqoid an-Nasafiya”, “Hidoya”, “Sharxi Niqoya”, “Fatovoi Olamgiriya”, “Targ‘ib us-solat”, “Zaxirat ul-muluk” hamda shunga o‘xshash bir qancha kitoblardagi masalalarni jam qilgan. Risola muqaddima, olti bo‘lim va xotima qismlaridan iborat.
Asarda islomdagi turli firqalar, farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, harom va makruh kabi amallarning bayoni, hadis va uning turlari, qirq farz (yettisi iymon, beshi islom, to‘rti tahorat va to‘rti tayammum, o‘n ikkisi namoz, uchi g‘usl, ikkisi hayz va nifos, ikkisi amr-u ma’ruf va nahiy munkar hamda bu farzlarning barchasini bilishlik bir farzga taalluqli bo‘lgan amallar)ning tartibi va tafsili, nomai a’mol, sirot, havz, savol-javob hamda jannat va do‘zaxning haqligi, namoz, tahorat, tayammum, g‘usl kabi amallarning farz, vojib, sunnat, mustahab, muboh, harom, makruh hamda odoblariga oid bo‘lgan daqiq tomonlari, shuningdek, boshqa ko‘pgina aqidaviy masalalar Qur’on oyatlari, hadislar hamda bir qancha moʻtabar kitoblar misolida yoritilgan.
Nargiza ABDURAHMONOVA,
“Manbalar xazinasi” bo‘limi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish