1

Bir parça matoga jo bölgan vatan

Baʼzan bir parça mato inson qalbida butun bir olamni uyğotişi mumkin. Unda ajdodlar xotirasi, xalqning keçmişi, bugunning masʼuliyati va kelajak sari intilişlari mujassam böladi. U hilpiraganda, göyo bir xalqning ovozi eşitilgandek, ranglari quyoş nurida tovlanganda esa butun bir millatning orzu-umidlari namoyon bölgandek tuyuladi. Bu şunçaki bayroq emas, balki Vatan timsoli, millat şaʼni, xalq ğururi va mustaqillikning muqaddas belgisidir.

Har bir inson uçun Vatan tuşunçasi turliça maʼnolarni anglatişi mumkin. Kimdir uçun u bolaligi ötgan mahalla, kimdir uçun ota-onasining duosi, yana kimdir uçun ona tilida yangragan ilk sözdir. Ammo bularning barçasini birlaştirib turadigan, insonni öz xalqiga va yurtiga daxldor ekanini his qildiradigan umumiy ramz esa davlat bayroğidir. U qayerda hilpiramasin, uning ostida birlaşgan xalqning kimligi, qanday tarixga ega ekani va qanday kelajak sari intilayotgani namoyon böladi.

Bayroqning tarixi insoniyatning davlatlar, qabilalar va xalqlar sifatida şakllaniş jarayoni bilan çambarças boğliq. Qadim zamonlardan boşlab turli xalqlar öz laşkarlarini, hukmdorlarini va hududlarini ifodalaş uçun maxsus tuğ (qadimiy harbiy va hukmdorlik ramzi) va yalovlardan (bayroq, harbiy yoki qabila nişoni) foydalanganlar. Ular jang maydonida askarlarni birlaştirgan, qöşinlarga yöl körsatgan va ğalaba uçun kuraşayotgan insonlarga ruhiy kuç bağişlagan.

Ajdodlarimiz tarixida bayroq tuşunçasi hamişa şaʼn va or-nomus bilan çambarças boğliq bölgan. Xususan, buyuk mutasavvif va vatanparvar bobomiz Najmiddin Kubro haqidagi tarixiy rivoyatlarda alohida taʼsirçan bir voqea hikoya qilinadi. 1221-yilda möğul bosqinçilariga qarşi keçgan şiddatli jangda keksa şayx duşman qöliga ötgan öz yurtining bayroğini tortib oladi va uni mahkam çangallagan holda jon taslim qiladi. Rivoyat qilinişiça, u şahid bölganidan keyin ham bosqinçilar bayroqni uning qölidan ajratib olişga qiynalgan va oxir-oqibat qölini kesişga majbur bölişgan.

Garçi bu voqea tarixiy rivoyat sifatida bizgaça yetib kelgan bölsa-da, uning zamiridagi maʼno nihoyatda teran. Najmiddin Kubro uçun ona yurtining muqaddas bayroğini duşman qölida qoldirmaslik şunçaki jangovar jasorat emas, balki bosqinçilar qarşisida maʼnaviy ustunlikni namoyon etiş, Vatan şaʼni va xalq qadr-qimmatini sönggi nafasigaça himoya qiliş ramzi edi.U öz hayotini saqlab qolişdan köra, xalqining ğururi va Vatanining ozodligini ustun qöydi.

Şu maʼnoda, 1991-yil 18-noyabr Özbekiston tarixida alohida ahamiyatga ega bölgan sanadir. Aynan şu kuni Özbekiston Respublikasining Davlat bayroği qabul qilindi. Bu voqea mamlakatimiz mustaqillik tarixining muhim sahifalaridan biriga aylandi. Çunki mustaqillik nafaqat siyosiy erkinlik, balki xalqning özligini anglaş, öz taqdirini özi belgilaş hamda xalqaro maydonda öz nomi va ramzlari bilan munosib namoyon böliş imkoniyatidir. Davlat bayroğimizning qabul qilinişi ana şu tarixiy jarayonning yorqin ifodasi böldi.

Mustaqillikning ilk yillarida kötarilgan bayroğimizga bugun nazar taşlar ekanmiz, uning ortida qanday ulkan tarixiy maʼno va masʼuliyat mujassam ekanini yanada çuqurroq anglaymiz. Zero, davlat bayroği şunçaki rasmiy belgi emas. U mamlakatning suvereniteti, xalqning öz yöli va taraqqiyot tamoyillariga ega ekanini butun dunyoga namoyon etuvçi muqaddas ramzdir.

Bayroqni eʼzozlaş Vatanga bölgan muhabbatni amalda namoyon etişdir. Uni qadrlaş faqat hurmat bajo keltiriş emas, balki yurt ravnaqi uçun mehnat qiliş, ilm oliş va uning kelajagiga befarq bölmaslik demakdir. Zero, bayroğimizning qadri uni baland kötariş bilangina emas, balki şu bayroq ostida munosib hayot keçirişimiz bilan ham belgilanadi.

Uşbu sana xalqimizning özligi, ğururi va mustaqilligini ifoda etuvçi muqaddas ramz qabul qilingan kun. Bir parça matoga butun bir xalqning tarixi, buguni va kelajagi jo bölgan. Zero, kökda mağrur hilpirayotgan bayroğimiz bor ekan, millatimiz şaʼni hamişa baland, yurtimiz osmoni musaffo, ertangi kunga bölgan işonçimiz esa mustahkam bölib qolaveradi. 

Hilpirayver, ozod va obod Özbekistonning muqaddas bayroği!

Zuhriddin Ergaşov,

“Xalqaro munosabatlar” yönalişi 3-kurs talabasi

Izoh qoldirish