Inson kapitali – yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy poydevori
Bugungi tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan dunyoda mamlakatlarning qudrati tabiiy boyliklar yoki sanoat imkoniyatlaridan ham yuksakroq omillar bilan belgilanmoqda. Mazkur jarayonda davlatning haqiqiy salohiyati uning eng katta boyligi bo‘lgan inson kapitali orqali namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning 35 yillik mustaqillik yo‘li bilimli, kreativ va sog‘lom avlod Yangi O‘zbekistonning bosh poydevori ekaniga oid haqiqatni o‘z tarixiy amaliyoti bilan yaqqol isbotlab berdi. Shu bois, o‘tgan davr mobaynida ta’lim tizimi murakkab evolyutsiyani bosib o‘tdi. Dastlabki yillardagi an’anaviy va konservativ yondashuvlardan bugungi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asoslangan innovatsion ekotizimga o‘tilishi islohotlarning mantiqiy davomi hamda tarixiy zarurat hisoblanadi.
Ushbu tizimli o‘zgarish ta’lim mazmunini tubdan yangiladi. Agar ilgari ta’lim faqat nazariy bilim berish bilan cheklangan bo‘lsa, bugungi kun talabi – amaliyot, innovatsiya va ishlab chiqarish integratsiyasidir. Shu sababli oliy ta’lim muassasalari endilikda faqat diplom beruvchi muassasalar emas, balki ilmiy tadqiqot va startap loyihalar yaratiladigan haqiqiy tayanch markazlarga aylanmoqda.
Maʼlumki, aynan ana shu sifat oʻzgarishlari va amaliy integratsiya jarayonlari orqali inson kapitaliga kiritilgan investitsiya eng uzoq muddatli va samarali sarmoyaga aylanadi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish, xorijiy tajribalarni milliy kontekstga moslashtirish va yoshlarni global raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash ustuvor vazifa qilib belgilangan. Mazkur sa’y-harakatlar natijasida bilimga asoslangan iqtisodiyot mehnat unumdorligini keskin oshirib, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.
Shuningdek, raqamli texnologiyalarni mustaqil yarata oladigan kadrlar mamlakatning texnologik suverenitetini mustahkamlasa, o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqara olgan yoshlar jamiyatning eng ishonchli ijtimoiy tayanchiga aylanmoqda. Zamonaviy ilmiy yondashuvlar inson kapitalini faqatgina tor doiradagi kasbiy bilimlar yig‘indisi sifatida emas, balki shaxsning ijtimoiy moslashuvchanligi, kreativ tafakkuri va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi sifatida baholaydi.
Bugungi kunda global mehnat bozorining asosiy talabi – hayotiy va kasbiy ko‘nikmalar balansini ta’minlashdir. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan kadrlar tayyorlash siyosati aynan shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, yoshlarning nafaqat mutaxassis, balki mustaqil fikrlovchi shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, raqamli transformatsiya sharoitida inson kapitalini oshirish faqat rasmiy ta’lim muassasalari bilan cheklanib qolmaydi. Bu jarayon butun umr davomida o‘qib-o‘rganish tamoyilini kundalik hayot tarziga aylantirishni taqozo etadi. Har bir fuqaroning o‘z ustida muntazam ishlashi, yangi ko‘nikmalarni egallashi davlatning umumiy intellektual salohiyatini belgilovchi asosiy ko‘rsatkichdir.
Ana shu global maqsadlardan kelib chiqib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ta’limda raqamli transformatsiyani, ya’ni “Aqlli universitetlar”ni va dual ta’limni joriy etish orqali amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Natijada bugungi o‘quvchi va talaba faqat tayyor ma’lumotni o‘zlashtiribgina qolmay, balki tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash va doimiy ravishda yangi bilimlarni egallash qobiliyatiga ega zamonaviy mutaxassis bo‘lib yetishishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillikning 35 yillik tarixiy bosqichida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar va kelajakka qaratilgan strategik maqsadlar shuni yaqqol ko‘rsatadiki, inson kapitalini rivojlantirish – bu shunchaki tarmoq islohoti emas, balki Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini ta’minlovchi eng qudratli va barqaror poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Dilfuza Sagdullayeva,
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish