Til – millatning ma’naviy qiyofasi
Har bir xalqning o‘zligi, tarixiy xotirasi, qadriyatlari, dunyoqarashi va milliy qiyofasi eng avvalo uning ona tilida namoyon bo‘ladi. Til shunchaki odamlar o‘rtasidagi muloqot va axborot almashinuvi vositasi emas. U millatning ma’naviy ustuni, davlat mustaqilligi va suverenitetini belgilab beruvchi, ajdodlar xotirasini avlodlarga yetkazuvchi muqaddas ko‘prikdir.
1989-yilning 21-oktabr sanasi O‘zbekistonning zamonaviy tarixida, xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’naviy hayotida tub burilish yasagan qutlug‘ va tarixiy kun bo‘lib qoldi. Mustaqillikdan ilgari, hali sobiq mustabid tuzum hukmron bo‘lib turgan murakkab bir davrda xalqimizning, ziyolilarimizning mardona kurashi va yengilmas irodasi natijasida “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilindi va o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.
O‘zbek tili ming yillar davomida shakllanib, juda boy, sharafli va murakkab rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Bu til Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining eng go‘zal va badiiy jihatdan mukammal muloqot manbai bo‘lib xizmat qilgan. Jumladan, “Devonu lug‘ati-t-turk” (Mahmud Qoshg‘ariy): Turkiy tillarning boy imkoniyatlari, so‘z tarkibi va sintaksisini ilmiy asosda dunyoga namoyish etgan ilk qomusiy asar; Ahmad Yassaviy va tasavvuf adabiyoti: Turkiy tilda yaratilgan hikmatlar orqali xalqning ma’naviy-axloqiy qarashlari va ilohiy ishq tushunchalari yuksak darajada ifodalangan; Alisher Navoiy va turkiy til renessansi: Navoiy o‘zining «Muhokamatu-l-lug‘atayn” va betakror «Xamsa” asarlari orqali o‘zbek tilining badiiy va lug‘aviy boyligi fors va arab tillaridan qolishmasligini, hatto ba’zi ifoda vositalari bo‘yicha ulardan ustun turishini isbotlab bergan; Zahiriddin Muhammad Bobur: “Boburnoma” asari orqali o‘zbek nasrining naqadar sodda, go‘zal, samimiy va ravon ekanini butun dunyoga ko‘rsatgan. Ajdodlarimiz qoldirgan bu boy meros ona tilimizning nafaqat badiiy va she’riy, balki ilmiy va davlatchilik tili sifatida ham mustahkam poydevorga ega ekanini ko‘rsatadi.
Mustaqillikka erishilgach, o‘zbek tili o‘zining haqiqiy egasiga – suveren davlat va uning xalqiga to‘liq xizmat qila boshladi. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, harbiy va madaniy sohalarda ona tilimizda ish yuritish, qonunchilik hujjatlarini yaratish va xalqaro munosabatlarda foydalanish uchun mustahkam huquqiy baza yaratildi. Davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy o‘zligini anglash jarayoniga va milliy g‘ururining tiklanishiga kuchli turtki berdi. 2020-yildan e’tiboran 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng miqyosda nishonlanayotgani bu boradagi xayrli va xatti-harakatlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Davlat tilining ijtimoiy maqomini va amaliy mavqeyini oshirish maqsadida oxirgi yillarda quyidagi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi:
– Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy etildi.
– Davlat idoralarida barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar, rasmiy yozishmalar va ish yuritish to‘liq o‘zbek tilida olib borilmoqda.
– “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning 5 jildlik yangi, to‘ldirilgan va boyitilgan nashri chiqarildi. Shuningdek, sohaviy atamalar, yuridik, tibbiy va texnik lug‘atlar nashr etildi.
Islohotlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali radio, TV va davlat organlarida til me’yorlariga rioya qilish darajasi oshdi; maktab va oliy o‘quv yurtlari uchun zamonaviy darsliklar va metodik qo‘llanmalar yaratildi; o‘zbek tilining xalqaro diplomatik makondagi nufuzi ortdi, shuningdek tilning ichki tizimi va normalari mustahkamlanishi kabi natijalarga erishildi.
Bugungi jadal rivojlanayotgan globallashuv, raqamlashtirish va sun’iy intellekt davrida har bir tilning yashovchanligi va kelajagi uning internet va axborot texnologiyalari makonidagi o‘rni bilan bevosita belgilanadi. O‘zbek tilining raqamli infratuzilmada, qidiruv tizimlarida va dasturiy ta’minotlarda keng o‘rin egallashi davr talabidir.
So‘nggi yillarda o‘zbek tilining milliy korpusini yaratish, matnlarni avtomatik tahlil qilish va qayta ishlash tizimlarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy loyihalar yo‘lish, elektron ochiq manbalarda, jumladan Vikipediyada o‘zbek tilidagi maqolalar va ilmiy ma’lumotlar hajmi bir necha barobarga ortishi, yetakchi operatsion tizimlar, mobil ilovalar, ijtimoiy tarmoqlar va dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha interfeyslari yaratilishi, onlayn tarjimonlar (Google Translate, Yandex Translate va b.) hamda sun’iy intellekt modellarda o‘zbek tilidagi matnlarni qayta ishlash va sintez qilish sifati sezilarli darajada yaxshilanishi kabi muhim natijalarga erishildi.
Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, kundalik muloqotda, ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda uchrab turadigan ayrim, til sofligini buzish, jargon va ajnabiy so‘zlarni asossiz ravishda ommalashtirish iboralarni noo‘rin qo‘llash, grammatik, orfografik va punktuatsion qoidalarga rioya etmaslik kabi salbiy holatlarga qarshi kurashish lozim.
21-oktabr – dengiz kabi cheksiz va chuqur, gulzor kabi go‘zal va nafis tilimizning qadriga yetish, uni avaylab-asrash hamda kelajak avlodlarga bekam-ko‘st yetkazish mas’uliyatini yana bir bor chuqur his etish kunidir. Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi mavqeyini yuksaltirish, uning boy imkoniyatlarini po‘latdek mustahkamlash har bir vatanparvar fuqaroning, har bir o‘zbek farzandining muqaddas burchidir.
Feruza Nizamova,
“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish