Milliy va maʼnaviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning oʻrni
Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Milliy va maʼnaviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning oʻrni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda Akademiya va boshqa oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilar va olimalar oʻz maʼruzalari hamda ilmiy maqolalari bilan ishtirok etishdi.
2015-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan mazkur konferensiya har yili yuzlab ijodkor va tadqiqotchi xotin-qizlarni bir maydonga jamlab kelmoqda. Uning asosiy maqsadi – xotin-qizlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning izlanishlarini keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi isteʼdod va olimalarni kashf etishdan iborat.
Mazkur konferensiya bugungi kunga kelib, shunchaki ilmiy yigʻin emas, balki jamiyatimizda mustahkam oʻrin egallagan intellektual va maʼrifiy minbarga aylandi. Globallashuv jarayonlari, murakkab mafkuraviy tahdidlar va qadriyatlar transformatsiyasi kuchaygan hozirgi davrda mazkur anjumanning ilmiy-ijtimoiy va strategik ahamiyati har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur konferensiya, avvalo, davlat siyosati va ilmiy tadqiqotlarning amaliy ifodasi sifatida muhim oʻrin tutadi. Yangi Oʻzbekiston sharoitida xotin-qizlarning jamiyatdagi siyosiy-ijtimoiy maqomini yuksaltirish va oila institutini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarida belgilangan strategik vazifalar ijrosini taʼminlash, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun yaratilayotgan institutsional poydevorni chuqur ilmiy tahlil qilish uchun muhim muhokama maydoni boʻlib xizmat qiladi.
Bugungi kunda milliy parlamentimizda ayollar ulushining 35-36 foizga yetgani, oliy taʼlimda tahsil olayotgan talaba qizlar qamrovining 54 foizdan oshgani, ilm-fan sohasida esa 6 mingdan ortiq olima samarali mehnat qilayotgani hamda “Ayollar daftari” tizimi orqali yuz minglab xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yechim topayotgani — bularning barchasi anjuman doirasida sotsiologik, huquqiy va pedagogik nuqtayi nazardan tahlil qilinishi lozim boʻlgan amaliy natijalardir. Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning ham 61 foizi xotin-qizlardan iborat ekani mamlakatimizda ilm-fan sohasida ayollarning oʻrni tobora mustahkamlanib borayotganini koʻrsatadi. Bugungi oʻzbek ayoli — nafaqat xonadon bekasi, balki davlat boshqaruvi, ilm-fan va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishdagi yetakchi kuchdir.
Anjuman, shuningdek, tarixiy vorislik va jadidlar maʼrifatining zamonaviy koʻzgusi sifatida ham ahamiyatlidir. Markaziy Osiyo tarixiga nazar solsak, ayollar azaldan ilm-fan, maʼrifat va davlatchilik rivojiga ulkan hissa qoʻshganiga guvoh boʻlamiz. Fotima al-Fixriy, Gavharshodbegim, Saroymulkxonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabi momolarimizning bunyodkorlik va maʼrifiy salohiyatini keng targʻib qilish, ulugʻ jadidlarimiz Abdurauf Fitrat va Abdulla Avloniylarning “Ilmsiz onaning tarbiyasi millat uchun zahardir” degan oʻlmas gʻoyalarini zamonaviy taʼlim tizimiga singdirish – konferensiyaning asosiy ilmiy maqsadlaridan biridir. Bu jihat millat genofondini asrash va maʼnaviy kamolotni taʼminlashda tarixiy haqiqatni tiklashga xizmat qiladi.
Globallashuv va raqamli transformatsiya chorrahasida turgan bugungi zamonda konferensiya oʻz mavzular koʻlami bilan ham ahamiyatli. Islom manbalarida ayolning huquqiy maqomi va badiiy adabiyotda ona obrazi kabi anʼanaviy yoʻnalishlar bilan bir qatorda, biotexnologiyalar, sunʼiy intellekt, IT (STEM) va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ayollarning oʻrni tadqiq etilayotgani anjumanning zamonaviy talablarga toʻliq hamohang ekanidan dalolat beradi. Zamonaviy Sharq ayoli bir qoʻli bilan beshikni tebratib, oilaviy qadriyatlarni asrasa, ikkinchi qoʻli bilan ilm-fan va texnologiyalarda yuksak choʻqqilarni zabt etmoqda. Bu anʼana va innovatsiyaning mukammal uygʻunligidir.
Konferensiya “ustoz-shogird” anʼanasining tirik laboratoriyasidir. Unda tajribali akademik va professorlar bilan bir qatorda doktorantlar, magistrantlar hamda ilm-fanga ilk qadam qoʻyayotgan iqtidorli talaba qizlarning ishtiroki avlodlar uzviyligini taʼminlaydi. Pedagog-olimalar oʻz shogirdlariga nafaqat ilmiy koʻnikmalarni, balki milliy gʻurur va ijtimoiy masʼuliyat tuygʻularini singdirib, kelajakning intellektual avlodini kamolga yetkazmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, mazkur anjuman xotin-qizlarning intellektual, ijodiy va liderlik salohiyatini roʻyobga chiqaruvchi, Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy negizlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi strategik ahamiyatga molik ilmiy tadbirdir. Uning materiallari sotsiologlar, tarixchilar, dinshunoslar va keng jamoatchilik uchun bebaho ilmiy-amaliy manba boʻlib qolaveradi.
Anjuman yakunida talaba qizlar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi, xattotlik namoyishi ham bo‘lib o‘tdi.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish