1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining TABRIGI
Assalomu alaykum muhtaram ustoz va murabbiylar!
Qadrli hamkasblar!
Avvalo, Siz azizlarni 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Ustozlik – sharafli nom, ulugʻ kasb. Bu martabaga munosib boʻlish, oʻqituvchi kasbini ulugʻlab, kelajak avlodni barkamol voyaga yetkazish ulugʻ saodatdir. Shu bois, donishmand xalqimiz ustoz-muallimga hamisha yuksak hurmat va eʼtiborda boʻlib keladi. Zero, “El-yurtni ilm-maʼrifat asraydi” degan ibora bejiz aytilmagan.
Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari “Yangi Oʻzbekiston” universitetiga tashrif buyurib, taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, erishilayotgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdilar.
Davlatimiz rahbari taʼlim va tarbiya sohasida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyat taraqqiyotidagi yuksak oʻrni va masʼuliyatiga alohida toʻxtalib, ustozlarning yosh avlod kamoloti yoʻlidagi fidokorona mehnatini yuksak eʼtirof etdilar.
Mamlakatimiz yetakchisining mazkur uchrashuvdagi “Oʻqituvchi – mehr daryosi, oʻqituvchi – ezgulik bulogʻi, oʻqituvchi – maʼrifat quyoshi! Ustozlar bugun yoshlar qalbiga qadayotgan maʼrifat va ezgulik urugʻining hosilidan ertaga butun jamiyat bahramand boʻladi” degan soʻzlari barchamiz uchun nihoyatda qadrlidir.
Uchrashuv davomida taʼlim tizimining barcha boʻgʻinlarida samarali faoliyat yuritayotgan ilgʻor pedagoglarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida alohida davlat mukofotini taʼsis etish tashabbusi ham ilgari surildi.
“Ushbu mukofotni oʻzbek milliy pedagogikasining tamal toshini qoʻygan jadid bobomiz Abdulla Avloniy nomi bilan atasak”, dedi Prezidentimiz.
Qadrli hamkasblar!
Bugungi murakkab va tez oʻzgarayotgan davrda diniy-maʼrifiy sohada yuzaga kelayotgan jarayonlar, turli gʻoyaviy xurujlarning yoshlar ongiga taʼsiri Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Oʻtgan 2025-2026-oʻquv yilida akademiyamiz professor-oʻqituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish va ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, 64 nafar professor-oʻqituvchimiz Turkiya, Qozogʻiston, Ruminiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Misr va Janubiy Koreya kabi davlatlarda malaka oshirish va stajirovka dasturlarida ishtirok etib, boy tajriba orttirib qaytdi.
Eng muhimi, xorijda orttirilgan ilgʻor tajriba va zamonaviy yondashuvlarni taʼlim jarayoniga tatbiq etish orqali professor-oʻqituvchilarimizning kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini oshirish, akademiyamiz faoliyatini xalqaro talablar asosida takomillashtirishga hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Yangi oʻquv yilini Akademiya jamoasi ajoyib xushxabar bilan boshladi. Istiqlol bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Farmoni imzolanib, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ulkan xizmatlari uchun bir guruh vatandoshlarimiz qatorida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi” professori, barchamizning qadrli ustozimiz Islomov Zohidjon Mahmudovich “Imom Buxoriy” ordeni bilan bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori, taniqli publitsist Muxtarov Abdulhamid Abduaxatovich esa “Shuhrat” medaliga loyiq koʻrildi.
Bundan tashqari, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatib kelayotgan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan vatandoshlarimiz qatorida Akademiyamizning jonkuyar professor-oʻqituvchilari va xodimlarining 20 nafarga yaqini “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Shak-shubha yoʻqki, ustozni eʼzozlagan, unga hurmat koʻrsatgan millatning ertasi yorugʻ boʻlajak. Bilʼaks, bu zamin azal-azaldan ustozning hurmat qilib, eʼzozlab kelgan. Ayniqsa, mutafakkir hazrat Alisher Navoiyning asrlardan asrlarga oʻtib kelayotgan qalbi daryo ustozlarimizni ulugʻlovchi purmaʼno satrlari dillarimizdan bejiz joy olmagan.
Chunki soʻzi va amali bir boʻlgan faylasuf bobomiz, ustozining kichik yoshdagi farzandi bilan salomlashmoq uchun ham otdan tushgan ekanlar. Qarang, ustozning hurmati yuzasidan, farzandiga izzat koʻrsatmoq, naqadar goʻzal ibrat, naqadar goʻzal tarbiya. Shu oʻrinda ulugʻ allomaning quyidagi bitiklarini yodga olish oʻrinlidir:
Haq yoʻlinda kim senga bir harf oʻqitmish ranj ila,
Aylamak oson ermas oning haqqin yuz ganj ila.
Soʻzim yakunida shogirdlaringizning maʼnaviy yetuk, bilimli, Vatan va xalqqa sadoqatli boʻlib yetishishi yoʻlidagi fidoyi mehnatingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga sihat-salomatlik, oilangizga tinchlik-farovonlik, oliyjanob va sharafli faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish