Sizga ehtirom – aziz ustoz!
Ustozlik martabasi dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasb sanaladi. Ustoz har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning “ustoz otangdek ulug‘” degan ibratli o‘giti zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi mujassamdir.
Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon barcha sohalar qatorida ilm-fanni ham yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Binobarin, jamiyat oldida turgan dolzarb masalalar yechimida ilm-fanning hayot va amaliyot, ishlab chiqarish bilan o‘zaro uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi.
E’tirof etish kerak, davlatimiz tomonidan, eng avvalo, uzluksiz ta’lim tizimi islohotlari asosida yoshlar ta’lim-tarbiyasi, yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlashga mas’ul muallim va professor-o‘qituvchilar faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.
Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “Sizga ehtirom – aziz ustoz!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimni Akademiya rektori Muzaffar Kamilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Talabalarga bilim va tarbiya berayotgan ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanalishi ta’kidlandi.
Bugungi murakkab va tez oʻzgarayotgan davrda diniy-maʼrifiy sohada yuzaga kelayotgan jarayonlar, turli gʻoyaviy xurujlarning yoshlar ongiga taʼsiri Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda taʼlim sifatini muntazam monitoring qilish va tahlil etish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Erishilgan natijalar taʼlim sifatini oshirish, raqamli monitoring tizimlarini kengaytirish va oʻqituvchilar faoliyatini muntazam baholab borish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samaradorligini koʻrsatmoqda.
Oʻtgan 2025-2026-oʻquv yilida Akademiya professor-oʻqituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish va ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratildi.
Jumladan, 64 nafar professor-oʻqituvchi Turkiya, Qozogʻiston, Ruminiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Misr va Janubiy Koreya kabi davlatlarda malaka oshirish va stajirovka dasturlarida ishtirok etib, boy tajriba orttirib qaytdi. “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi oʻqituvchisi Bahodir Esonboyev Buyuk Britaniyaning University of East London universitetida “Professional Training” dasturi doirasida malaka oshirdi.
Eng muhimi, xorijda orttirilgan ilgʻor tajriba va zamonaviy yondashuvlarni taʼlim jarayoniga tatbiq etish orqali professor-oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish, taʼlim sifatini oshirish, Akademiya faoliyatini xalqaro talablar asosida takomillashtirishga hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Yangi oʻquv yilini Akademiya jamoasi ajoyib xushxabar bilan boshladi. Istiqlol bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident Farmoni imzolanib, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ulkan xizmatlari uchun bir guruh vatandoshlarimiz qatorida Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar kafedrasi” professori, qadrli ustoz Islomov Zohidjon Mahmudovich “Imom Buxoriy” ordeni bilan bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori, taniqli publitsist Muxtarov Abdulhamid Abduaxatovich esa “Shuhrat” medaliga loyiq koʻrildi.
Bundan tashqari, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatib kelayotgan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan vatandoshlarimiz qatorida Akademiyaning jonkuyar professor-oʻqituvchilari va xodimlarining 20 nafarga yaqini “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Tantanali marosimda ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoyiligi va intellektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir davomida Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilariga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Xalqimiz qalbidan joy olgan san’atkorlarning qo‘shiqlariga bayram tadbiriga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Akademiyada tashkil etilgan tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish