Xorijlik professor Akademiyaga tashrif buyurdi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga Oʻzbekiston jahon tillari universiteti professori Ahmad Al-Zubaydiy tashrif buyurdi.
Mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, prorektorlar Olim Astanakulov, Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi Oʻtkir Hasanbayev kutib oldi.
Uchrashuv avvalida Akademiya rektori mehmonni qutlab, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, taʼlim va axborot sohasidagi yangilanishlar haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa, arab davlatlari bilan ilmiy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Asli iroqlik, hozirda AQSh fuqarosi boʻlgan Ahmad Al-Zubaydiy oʻz navbatida samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, media, tarjima va xalqaro axborot maydonida Oʻzbekiston imijini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdi.
Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” mavzusida oylik asosda nashr etiladigan, bir necha tillarda chop etiladigan xalqaro jurnal taʼsis etish, unda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari va amaliy ishlarini yoritish; jurnalni xorijiy davlatlardagi elchixonalar orqali tarqatish kerakligini qayd etdi.
Shuningdek, Tarjima qoʻmitasini tashkil etish, siyosiy va adabiy tarjimalarni alohida yoʻnalishlarda, rasmiy asosda va qoʻmita tomonidan tanlangan mutaxassislar ishtirokida amalga oshirish hamda Akademiya bilan hamkorlikda Oʻzbekiston haqida muntazam ravishda xalqaro ommaviy axborot vositalarida maqolalar eʼlon qilib borish haqida so‘z yuritildi.
Oʻz navbatida, Akademiya rektori xalqaro jurnalistlar ittifoqini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Uning doirasida har yili “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish, jurnalistlarni yigʻish, zarur tashkiliy va moliyaviy shart-sharoitlarni yaratish taklif etildi. Shuningdek, xorijdagi Oʻzbekiston elchixonalari huzurida OAV kiosklarini tashkil etish orqali mamlakat haqidagi axborotni keng yoritish tashabbusi bildirildi.
Uchrashuv davomida professor Ahmad Al-Zubaydiyni Akademiyada dars berishga jalb etish, shuningdek, “Islom ensiklopediyasi” loyihasida muharrir sifatida ishtirok etishi masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv samimiy, ochiq va koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi.
Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya
- Rahbariyat
- Akademiya haqida
- Akademiya tarixi
- Bog'lanish
- Tuzilma
- Kengashlar
- Yuqori turuvchi tashkilot
- Bo‘sh ish o‘rini
- Kafedralar
- Fakultetlar
- Registrator ofisi
- Bo‘limlar
- Sektorlar
- Markazlar
- Ta'lim muassasalari
- Xorijiy faxriy doktor va professorlarimiz
- Akademiya oromgohi
- Yoshlar ittifoqi
- Bitiruvchilar klubi
- Akademiya hududi tarixi
- Axborot-resurs markazi
- Bizning bitiruvchilar
- Qabul jadvali
- Komplaens-nazorat
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish