1

Qatar sivilizatsiyalar ittifoqi qoʻmitasi vakillari Akademiyada

Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Qatar sivilizatsiyalar ittifoqi qoʻmitasi kotibi Abdulla Ahmad Al-Sada hamda Qatar Tashqi ishlar vazirligining katta iqtisodiy maslahatchisi Novzad Abdulrahmon Al-Hitiy bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Akademiya prorektorlari Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Ilhom Bekmirzayev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev hamda Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xoʻjayev ishtirok etdi.

Samimiy muloqot avvalida Akademiya birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev mehmonlarni Akademiyaga tashrifi uchun qutlab, Akademiya haqida qisqacha maʼlumot berdi.

Abdulla Ahmad Al-Sada soʻz olib, samimiy qabul va uchrashuvning yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Akademiyaga minnatdorlik bildirdi. 

Mehmon soʻzida davom etib, Qatar Tashqi ishlar vazirligi qoshida Sivilizatsiyalar ittifoqi qoʻmitasi faoliyat yuritishi hamda bu qoʻmita tomonidan sivilizatsiyalararo muloqotni kengaytirishi borasida qator ishlar, xususan ilmiy jurnallar chop etilishini qoʻshimcha qildi. 

Uchrashuv davomida Novzad Abdulrahmon Al-Hitiy soʻz olib, Qatar sivilizatsiyalar ittifoqi qoʻmitasi tomonidan taʼsis etilgan Qatar muloqotlar xalqaro mukofoti toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

Muloqot davomida Qatar sivilizatsiyalar ittifoqi qoʻmitasi va Akademiya oʻrtasida Anglashuv memorandum imzolash, Akademiya professor-oʻqituvchilarining ilmiy maqolalarini Sivilizatsiyalar ittifoqi qoʻmitasi tomonidan nashr etiladigan jurnallarda chop etish hamda Qatar sivilizatsiyalar ittifoqi tomonidan taʼsis etilgan Qatar muloqotlar xalqaro mukofotida ishtirok etish uchun Akademiyadan nomzodlar taqdim etish kabi masalalar haqida so‘z bordi.

Uchrashuv yakunida mehmonlar tomonidan Akademiyaga Qatar universiteti Shariat va islom tadqiqotlari fakulteti tashabbusi bilan amalga oshirilgan ilmiy-akademik loyiha — “Gʻarbshunoslik ensiklopediyasi” tuhfa qilindi.

Ensiklopediyani tayyorlash ishlari 2017-yilda boshlangan boʻlib, loyiha Gʻarb sivilizatsiyasini turli jihatlar — diniy, falsafiy, intellektual, madaniy, ijtimoiy, siyosiy va tarixiy nuqtayi nazarlardan ilmiy asosda oʻrganishga qaratilgan.

Uchrashuv samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Izoh qoldirish