1

O‘ZBEKISTONNING TASHQI SIYOSAT BORASIDAGI POZITSIYASI mintaqada va xalqaro miqyosda barqarorlikni ta’minlashda dolzarb ahamiyat kasb etadi

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘tgan yil 16-noyabrdagi yettinchi Maslahat uchrashuvida Prezidentimiz bildirgan fikrlar yangi O‘zbekistonning mintaqaviy va global xavfsizlik masalalariga yondashuvini yaqqol namoyon etdi. 

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda bugun barqaror o‘sish va farovonlik uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotgani, mintaqa jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makoniga aylanib borayotganini ta’kidladi. 

Mintaqamizning geosiyosiy joylashuvi, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim savdo yo‘lagi hamda yirik davlatlar o‘rtasidagi strategik bufer hudud sifatida xizmat qilishi O‘zbekistonning mintaqaviy munosabatlar va xavfsizlik masalasidagi mavqeyini oshiradi. 

Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatda mintaqaviy xavfsizlikni global xavfsizlik bilan uzviy bog‘liq holda ko‘radi. Mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ochiq muloqot ta’minlangani, chegara masalalarining hal etilgani, suv, energetika va transport sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani aynan xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

“Markaziy Osiyo plyus” formatining faollashuvi, yagona pozitsiyaning xalqaro maydonda ilgari surilishi mintaqaning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi mavqeyini kuchaytirdi. Ayniqsa, Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlariga to‘laqonli a’zo sifatida qo‘shilishi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik ko‘prik o‘rnatib, xavfsizlikning yangi mintaqaviy konturlarini shakllantiryapti. Bu esa global xavfsizlik tizimi barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Habibullo Sadibaqosev,

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi birinchi prorektori,

siyosiy fanlar doktori, professor v.b.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2026-yil 12-fevral, 29-son

Gazetani yuklab olish uchun

Izoh qoldirish