1

Tinchlik va taraqqiyotning mustahkam poydevori

16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni

Dunyo hamjamiyati har yili 16-noyabrni Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlaydi. Bu sana jahonda tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, millatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston esa azaldan turfa sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan, turli xalqlar va madaniyatlarni birlashtirgan tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglik zamini sifatida nom qozongan. 

Bag‘rikenglik va do‘stlik o‘lkasi

Mazkur qadriyat yangi O‘zbekistonda ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, dinlararo muloqotni kuchaytirish, vijdon erkinligini kafolatlash, bag‘rikenglik g‘oyalarini tarannum etish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir. 

Ushbu siyosatning huquqiy va amaliy asoslari uzoq yillarga mo‘ljallangan konsepsiya va strategiyalar orqali yanada mustahkamlanmoqda. Xususan, 2025-yil 25-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi mazkur yo‘nalishdagi faoliyatning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi. 

Konsepsiyada davlat va din munosabatlari, turli konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tinchlikni ta’minlashning mexanizmlari aniq belgilab berildi. Bu esa jamiyatda o‘zaro totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar

So‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 130 dan ortiq yangi diniy tashkilot, 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, 102 ta masjid hamda 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 

Shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi va O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Bu muassasalarda yosh avlodni buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, ularni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash borasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida salmoqli ishlar bajarilmoqda. 

Tolerantlik siyosatining xalqaro maydondagi aks sadosi

Bugun dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshilik va nizolar, qurolli to‘qnashuvlar, terrorizm va ekstremizm tahdidlari saqlanib qolayotgani nafaqat xavfsizlikka, balki barqaror rivojlanish, ijtimoiy hamjihatlik va dinlararo totuvlikka ham jiddiy xavf solmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda mamlakatimiz diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ichki va tashqi siyosatning asosiy tamoyili sifatida belgilab, amalda namoyon etmoqda. 

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekistonda bag‘rikenglik siyosatini izchil amalga oshirish, islom ma’rifati va insoniylik g‘oyalarini chuqur o‘rganish hamda ularni jahon hamjamiyatiga yetkazish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar bajarilayotganini alohida ta’kidladi. 

Qisqasi, yurtimizning diniy bag‘rikenglik sohasidagi siyosatini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, shubhasiz, sifat va samara jihatdan yangi bosqichga chiqdi. O‘tgan qisqa muddatda Misr, Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Indoneziya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlarning diniy sohaga mas’ul vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ta’lim muassasalari bilan 147 ta hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Yangi O‘zbekiston fenomeni

BMTning maxsus rezolyutsiyasiga ko‘ra, noyabrning 16-sanasi Xalqaro bag‘rikenglik kuni etib belgilangan. Ushbu kun munosabati bilan ba’zi davlatlarda faqat tor doiradagi tadbirlar uyushtirilsa, O‘zbekistonda har yili an’anaviy ravishda “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi. Uning doirasida mamlakat bo‘ylab ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etiladi. Bu, shubhasiz, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik qadriyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Haftalik doirasida jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lida samarali faoliyat yuritayotgan turli soha vakillarini “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash yaxshi an’anaga aylangan. 

O‘zbekistonning “Bag‘rikenglik haftaligi” tashabbusini xalqaro maydonda ommalashtirish dunyo miqyosida tinchlik, totuvlik va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashda ijobiy samara beradi. 

Haqiqatan, turli din va madaniyat vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, millatlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash O‘zbekiston tajribasining asosiy ustunidir. Bu yo‘nalishdagi barcha tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Bag‘rikenglik faqat bir kunlik tadbir yoki shior emas, u xalqimizning asriy an’anasi, davlat siyosatining muhim yo‘nalishidir. Zotan, bugungi shiddatli davrda insoniyatni birlashtiradigan eng muhim qadriyatlardan biri, shubhasiz, bag‘rikenglik. Shu tufayli har birimiz bu ezgu g‘oyani hayotimizga tatbiq etish orqali jamiyatda bag‘rikenglik g‘oyasining yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shaylik! 

Sodiq Toshboyev,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2025-yil 15-noyabr, 236-son

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish