1

Global tashabbuslar: jahon integratsiyasi bilan islohotlar hamohangligi

O‘zbekistonda jahon darajasidagi yo‘l infratuzilmasi barpo etish ko‘p jihatdan Prezidentimiz ilgari surgan global tashabbuslar bilan uyg‘unlashmoqda. Xalqaro hamkorlik va transport-logistika sohalaridagi o‘zgarishlar yangi O‘zbekiston imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Davlatimiz rahbarining islohotlari yuzlab xalqlarning taraqqiyoti va madaniy rivojlanishida ulkan xizmat qilgan Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklash tashabbusi sifatida mamlakatimizning Sharq va G‘arb, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy xab sifatidagi mavqeyini tiklashda muhim o‘rin tutadi. 

Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekistonning jug‘rofiy nuqtayi nazardan muhim savdo yo‘llari chorrahasida joylashgani, ko‘plab davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy aloqalar o‘rnatgani mahalliy xalqning iqtisodiy va madaniy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bois, yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar jarayonida transport va logistika sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Transport va logistika sohasini rivojlantirish strategiyasi doirasida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Yagona transport siyosati konsepsiyasi ishlab chiqilib, transport tizimini raqamlashtirish va ekologik talablarga moslashtirish ishlari boshlandi. Transport-logistika va yangi mintaqalararo savdo yo‘llarini to‘liq ochish strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlarini Xitoy, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydi. 

O‘zbekiston qadimdan sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgan. Bu borada uning hududidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘li beqiyos o‘rin tutgan. Turli mintaqalardagi xalqlarni o‘zaro bog‘lagan qadimiy yo‘l nafaqat savdo-iqtisodiy, balki davlatlar va qit’alar o‘rtasidagi axboriy va madaniy muloqotni ta’minlagan. 

 Muzaffar Komilov,

 O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori,

 Xalqaro ICESCO tashkiloti ijroiy kengashining a’zosi

 Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2025-yil 21-oktabr, 2015-son

 Gazetani yuklab olish uchun

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish