
Til – milliy yuksalish asosi
Har bir xalqning eng buyuk qadriyatlaridan biri bu uning ona tilidir. Ona tili har bir millatning mustaqilligi, ma’naviy birligi va g‘ururining ifodasidir. Tilni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi.
Xalqaro “SIL International” tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 7 mingdan ortiq til mavjud, shundan atigi 560 tasi ta’lim va davlat tizimida faol qo‘llaniladi. Afsuski, ularning 43 foizi yo‘qolish xavfi ostida. Tilning yashab qolishi uchun uni kamida yuz minglab insonlar faol muomalada ishlatishi zarur.
O‘zbek tili bugungi kunda 50 milliondan ortiq insonlar tomonidan ishlatilmoqda, biroq so‘nggi yillarda sof o‘zbek tilida so‘zlashuv madaniyatining kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Tilga begona so‘zlarni ortiqcha aralashtirish, xususan, ruscha yoki inglizcha so‘zlarni noo‘rin ishlatish, ona tilimizning sofligiga putur yetkazadi. Bunday holat yosh avlodning lug‘at boyligi va tilda fikrlash qobiliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, har bir fuqaro o‘z ona tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi zarur.
Ona tilining nufuzi va mavqeyini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida qator hujjatlar qabul qilingan. Bu borada dastlab 1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi eng katta siyosiy jarayon bo‘ldi. Bu jarayonlarning uzviy davomi sifatida 2016-yil 13-mayda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. Shuningdek, 2019-yil 21-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon, 2020-yil 10-aprelda esa “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi. 2021-yil 10-fevralda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish bo‘yicha 61-son qaror qabul qilindi.
2020-2030-yillarda “O‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish” konsepsiyasi, shuningdek, uni bosqichma-bosqich amalga oshirish dasturi til siyosatini mustahkamlashda muhim hujjatlardan bo‘ldi. Mazkur konsepsiyada o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi mavqeini oshirish, raqamli texnologiyalar sohasiga tatbiq etish, ta’lim tizimida qo‘llanish doirasini kengaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatlarida “Milliy o‘zligimiz timsoli, ma’naviyatimiz asosi bo‘lgan ona tilimizga e’tibor yanada kuchaytiriladi. Albatta, chet tillarini bilish – zamon talabi. Ammo ona tilini mukammal bilish – har bir fuqaroning burchi bo‘lishi kerak”, deb ta’kidlagan edilar. Bu so‘zlar bugungi kunda ona tilimizni asrash va rivojlantirish borasida muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ona tili xalqning tarixiy xotirasi, madaniy boyligi va milliy g‘ururining ramzidir. Shunday ekan, har birimiz ona tilimizni sevish, uni boyitish va kelajak avlodga sof holatda yetkazish uchun mas’ulmiz.
Mohlaroyim Karimova,
“Filologiya va tillarni o‘qitish (arab tili)” yo‘nalishi 3-kurs talabasi
Izoh qoldirish