
Turkiy davlatlar tashkilotining kosmik diplomatiyasi
XXI asr xalqaro munosabatlar tizimida fan, texnika va axborot texnologiyalarining integratsiyasi global siyosiy jarayonlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylandi. Shu nuqtayi nazardan, kosmik sohadagi faoliyat nafaqat ilmiy-texnik taraqqiyot ko‘rsatkichi, balki davlatning geosiyosiy nufuzi va innovatsion salohiyatining ham muhim indikatori sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zamonaviy “kosmik diplomatiya” tushunchasi milliy manfaatlar, xavfsizlik, axborot suvereniteti va iqtisodiy barqarorlik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u xalqaro munosabatlarda yangi formatdagi muloqot va hamkorlik maydonini yaratib bermoqda.
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida bu sohadagi hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi tashkilotning yangi strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Turkiy mamlakatlarning umumiy ilmiy-tadqiqot salohiyati, kadrlar zaxirasi va geografik ustunliklarini hisobga olgan holda, kosmik diplomatiya sohasi ularning integratsiya jarayonlarida “innovatsion ko‘prik” vazifasini bajarishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu boradagi islohotlarni milliy va mintaqaviy miqyosdagi taraqqiyot omili sifatida ko‘radi. Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligida masofaviy monitoring tizimlarini joriy etish zarurligini ta’kidlab, shunday degan edi: “Yer va suv resurslari taqdiri to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqamli boshqaruv va kosmik ma’lumotlar bilan bog‘liq. Biz bu sohada zamonaviy yechimlarga tayanishimiz shart”.
Mazkur iqtibosdan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston rahbariyati kosmik sohani milliy iqtisodiyotning strategik tarmog‘i sifatida ko‘rib, uning Turkiy integratsiya doirasidagi hamkorlik salohiyatini kuchaytirishga katta ahamiyat qaratmoqda.
Turkiy davlatlar tashkiloti rivojlanib borayotgan mintaqalararo tashkilotlardan biri hisoblanadi. Ushbu tashkilot turkiy tilli mamlakatlarning etnolingvistik birligi asosida yaratilgan. Tashkilotning asosiy maqsadi a’zo davlatlarning har tomonlama do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli keyingi yillarda O‘zbekistonning do‘stlari, xayrixohlari ko‘paydi. Qo‘shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sog‘lom siyosiy va iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti ana shunday yangi muloqot maydonlaridan biridir.
O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zolik maqomini qabul qilish istagini bildirganda, albatta, bunday hamkorlik formati doirasidagi sherikchilikka talab ortib borayotganligini, tashkilotdagi mavjud mexanizmlardan foydalanish mamlakat an’anaviy sheriklari bilan hamkorlikni yangi sifat bosqichiga olib chiqishi va bu aloqalarning davomli rivoji turkiy tilli xalqlar umumiy manfaatlariga xizmat qilishi muqarrarligini inobatga olgan.
Bugungi kunga kelib Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar qardoshlik va birodarlik ruhidagi hamda iqtisodiy manfaatlar ustuvorligi asosida shakllantirilgan hamkorlikning yangi bosqichi sari dadil qadamlar bilan odimlashmoqda. Mamlakatlar yetakchilarining siyosiy irodasi, ochiq, konstruktiv siyosatlari va muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar tufayli qardosh xalqlarning ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari qayta tiklanmoqda. Bu esa o‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyotida muhim omillardan biri sifatida namoyon bo‘ladi.
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) — Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni birlashtirgan xalqaro tuzilma sifatida, o‘zining ilmiy-texnik va strategik salohiyatini umumiy rivojlanish uchun yo‘naltirishda muhim platformaga aylanmoqda. 2025-yil 23-aprel kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan TDTning Kosmik agentliklar va tegishli idoralar rahbarlarining IV yig‘ilishida a’zo davlatlar sun’iy yo‘ldosh dasturini ishlab chiqish, ma’lumotlar almashinuvi, kadrlar tayyorlash va axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldilar. Bu tashabbus Turkiy dunyoda ilmiy-texnikaviy integratsiya jarayonini yangi bosqichga olib chiqdi.
Kosmik diplomatiya — bu davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi ko‘rinishi bo‘lib, uning maqsadi kosmosni tinch maqsadlarda foydalanish, axborot almashinuvi, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalarini rivojlantirish va insonparvar maqsadlardagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirishdan iborat. Zamonaviy geosiyosiy voqelikda kosmik sohadagi hamkorlik nafaqat texnologik taraqqiyot mezoni, balki davlatlararo ishonch va integratsiya darajasining indikatori sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Kosmik diplomatiya turkiy dunyo uchun nafaqat ilmiy va texnologik imkoniyatlar sohasi, balki axborot xavfsizligi, mintaqaviy barqarorlik va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish yo‘lidagi muhim vosita sifatida qaralishi lozim. Bu yo‘nalishdagi har bir qadam turkiy mamlakatlarning mustaqil ilmiy potensialini mustahkamlaydi, ularning xalqaro nufuzini oshiradi va umumiy sivilizatsion maqsadlarga xizmat qiladi.
Turkiy davlatlar tashkilotining kosmik hamkorlikka oid tashabbuslari, avvalo, siyosiy mustaqillik va mintaqaviy hamjihatlik g‘oyalariga tayanadi. Turkiy davlatlar o‘rtasidagi tarixiy-madaniy umumiylik ularning xalqaro siyosatda yagona pozitsiya shakllantirish imkoniyatini yaratadi. Bu jihatdan kosmik diplomatiya siyosiy hamkorlikning yangi modelini — “innovatsion integratsiya”ni namoyon etadi.
Kosmik sohadagi qo‘shma dasturlar, sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish va fazoviy ma’lumotlardan foydalanish tizimlarini yaratish orqali davlatlar axborot sohasidagi mustaqilligini ta’minlaydi. Bu esa tashqi ta’sirlarni kamaytiradi, milliy xavfsizlikni mustahkamlaydi va mintaqadagi siyosiy barqarorlikni kafolatlaydi.
Bizning kelajagimiz ilm-fan va innovatsiya bilan chambarchas bog‘liq. Bu sohadagi hamkorlik turkiy dunyo integratsiyasining eng muhim tayanchi bo‘lishi kerak. Turkiy davlatlar texnologik suverenitetini kuchaytirish turkiy dunyoning kelajagini belgilovchi omil bo‘ladi. Shu tariqa, kosmik diplomatiya nafaqat fan sohasidagi yutuqlar uchun, balki siyosiy mustaqillik va mintaqaviy tenglikni ta’minlash vositasi sifatida ham strategik ahamiyatga ega.
Kosmos sohasidagi hamkorlik turkiy mamlakatlar iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Sun’iy yo‘ldosh orqali masofaviy monitoring tizimlarini yo‘lga qo‘yish qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, geologiya, logistika, iqlim o‘zgarishini kuzatish va tabiiy ofatlarni bashorat qilish kabi sohalarda yuqori samara beradi.
Iqtisodiy jihatdan qaralganda, kosmik diplomatiya — bu sarmoyaviy sheriklik va texnologik transfer uchun yangi platforma. Turkiyaning “TÜRKSAT”, Qozog‘istonning “KazSat”, Ozarbayjonning “Azerspace” va O‘zbekistonning “UZSAT” tizimlari birgalikdagi loyihalar uchun texnik asos vazifasini bajarishi mumkin. Bu jarayonda Turkiy investitsiya forumi va TDT Innovatsiya jamg‘armasi katta rol o‘ynaydi.
2024-yil Bishkek sammitida “Space Activities” bo‘yicha Memorandum imzolandi. TDT “CubeSat” loyihasi, “Turkic Space Explorers Academy” va “GUHEM” markazida o‘tkazilayotgan yoshlar forumlari orqali kosmik hamkorlikni institutsional darajaga olib chiqdi. Shu bilan birga, Boku, Anqara va Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro kosmik konferensiyalar TDTning ilmiy diplomatiya platformasini kengaytirdi.
Kosmik diplomatiyaning muhim jihatlaridan biri — uning mintaqaviy barqarorlik va innovatsion taraqqiyotga ko‘rsatayotgan ta’siridir. Axborot xavfsizligi va masofaviy kuzatuv imkoniyatlarining oshishi tabiiy ofatlar, migratsiya yoki ekologik inqirozlarga tezkor javob qaytarish imkonini beradi.
Shu bilan birga, bu hamkorlik turkiy mamlakatlarda yosh avlodning fan, texnika va innovatsion sohalarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “TurkSpace” ta’lim dasturlari va yosh olimlar almashinuvi tashabbuslari nafaqat kosmik sohadagi bilimlarni ommalashtirish, balki turkiy mamlakatlar yoshlarini zamonaviy ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish, ularning global innovatsion jarayonlardagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.
Ushbu dasturlar doirasida talabalar va yosh muhandislar uchun amaliy mashg‘ulotlar, simulyatsiya laboratoriyalari va sputnik texnologiyalari bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilmoqda. Shuningdek, turkiy mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari o‘rtasidagi hamkorlik orqali qo‘shma ilmiy loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunday sa’y-harakatlar natijasida TDT mamlakatlarida kosmik fan va texnologiyalar sohasida bilimli, innovatsion fikrlaydigan va ilmiy izlanishga moyil yangi avlod kadrlarini tayyorlash uchun mustahkam zamin yaratiladi. Shu tariqa “TurkSpace” kabi ta’lim tashabbuslari nafaqat yoshlar salohiyatini rivojlantirish, balki turkiy dunyo ilmiy integratsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
Innovatsion rivojlanish nuqtayi nazaridan, kosmik diplomatiya — bu yangi avlod iqtisodiyotiga olib boruvchi strategik yo‘nalishdir. U ilmiy ishlanmalar, startaplar, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili sohalarida hamkorlik uchun yangi maydon yaratadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, kosmik diplomatiya tashqi siyosatning yangi yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, davlatlar o‘rtasida kosmik texnologiyalar, ma’lumot almashuvi va ilmiy tadqiqotlar asosida hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Xalqaro miqyosda bu soha tinchlik, barqaror rivojlanish va ilmiy taraqqiyot maqsadlariga xizmat qiladi. Kosmik diplomatiya turkiy davlatlarning texnologik va siyosiy integratsiyasini chuqurlashtirishning yangi mexanizmiga aylanmoqda. Siyosiy jihatdan — bu hamjihatlik va suverenitetni mustahkamlovchi diplomatik vosita bo‘lsa, iqtisodiy jihatdan — innovatsion iqtisodiyotga o‘tish uchun platforma va ilmiy jihatdan — bilimlar almashinuvi va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish vositasidir.
Turkiy davlatlar tashkiloti kosmik diplomatiyani o‘zining strategik yo‘nalishiga aylantirib, yoshlar, ilm-fan va texnologiyalar orqali mintaqaviy birlashuvni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ammo muvaffaqiyat uchun moliyaviy, texnik, huquqiy va siyosiy sohalardagi muammolarni yechish ushbu yo‘nalish istiqbolini belgilab beradi. TDT doirasidagi kosmik hamkorlik mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash bilan bir qatorda, turkiy davlatlarning xalqaro nufuzini ham oshiradi.
Javohirxon Sobirov,
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi katta o‘qituvchisi,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, PhD
Izoh qoldirish