1

Yangi O‘zbekistonda ramazon shukuhi

Ramazon oyi – butun islom olami uchun eng ulug‘ va muborak oylardan biri hisoblanadi. Bu oy nafaqat ro‘za tutish, balki ma’naviy poklanish, saxovat va mehr-muruvvat oyidir. Yangi O‘zbekistonda Ramazon shukuhi tobora bayramona tus olmoqda. Davlatimizda diniy qadriyatlarga bo‘lgan yuksak e’tibor sabab xalqimiz uchun ushbu oy ma’naviy yuksalish davriga aylanmoqda. 

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbuslari bilan qabul qilingan qator ijtimoiy dasturlar qabul qilinishi aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Qishloq va mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj aholi qatlamlariga aniq maqsadli yordam ko‘rsatilishini ta’minlamoqda va kambag‘allikni qisqartirishda muhim vosita sifatida xizmat qilmoqda. 

Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromadlarini oshirish kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yirik mablag‘lar yo‘naltirilgan. Bu ezgu amallar xalqimiz o‘rtasida mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlaydi. 

2025-yil 27-fevralda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaror bu oyning yuksak qadriyatlarini hurmat qilish va xalqimizga xos mehr-oqibat, mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va ezgu ishlarda hamjihatlik kabi fazilatlarni yuksaltirisha qaratilgan. 

Ushbu qarorga asosan, Ramazon oyi “Saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” sifatida belgilanib, unga ko‘ra ayni paytda mamlakatimizda quyidagi yo‘nalishlarda qator ijobiy va ta’siri sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda: 

– kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga yordam berish, xayriya aksiyalarini kuchaytirish; 

– ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatish; 

– oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish; 

– ziyoratgohlar va muqaddas joylarni obodonlashtirish, atrof-muhitga e’tibor qaratish. 

Ramazon oyi islom dinida alohida o‘rin tutadi. Bu oyda Qur’oni Karim nozil qilingan bo‘lib, u musulmonlar uchun hayot qoidalarini bayon etuvchi mukammal yo‘llanma hisoblanadi. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat bo‘lishi uchun Qur’on tushirilgandir” (Baqara surasi, 185 oyat). Bu oyat Ramazon oyining fazilati va uning ma’naviy qiymatini yorqin ifoda etadi. 

Ramazon oyi ro‘za ibodati bilan ham e’tiborga molikdir. Ro‘za nafaqat tana uchun, balki ruh uchun ham poklanish vositasidir. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deganlar: “Kimki iymon bilan va savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi” (Buxoriy, Muslim). Bu hadis ro‘zaning yuksak savobga ega ekanini ko‘rsatadi. 

Ramazon oyi insonlarni saxovat va mehr-muruvvatga undaydi. Rasululloh (s.a.v.)ning aytishlaricha, “Eng afzal sadaqa – Ramazonda qilingan sadaqadir” (Termiziy). Shuning uchun bu oyda ehson qilish, muhtojlarga yordam berish, o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlash keng yoyiladi. 

Ramazon oyi oilaviy va ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Bu oyda iftorliklar tashkil qilinib, oila a’zolari, qarindosh-urug‘lar va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida samimiylik va hamjihatlik oshadi. “Kimki ro‘zadorga iftorlik bersa, u ham ro‘za tutganlikning savobini oladi” (Termiziy rivoyati) mazmunidagi hadisga ko‘ra, iftorlikning ajr-savobi ulkandir. 

Ramazon oyi duo va istig‘for oyidir. Alloh taolo insonlarga duo orqali o‘zlarining ehtiyojlarini bildirish va gunohlaridan poklanish imkonini beradi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar: “Ro‘zadorning duosi rad etilmaydi” (Ibn Moja). Shuning uchun bu oyda musulmonlar ko‘proq duo va istig‘for qilib, Allohdan rahmat va mag‘firat so‘raydilar. 

Shu tariqa, Ramazon oyi insonni ma’naviy va ruhiy yuksalishga chorlaydi. U sabr, shukr, mehr-oqibat, saxovat va bag‘rikenglik kabi fazilatlarni mukammallashtirib inson hayotini ma’naviy boylikka aylantiradi.

Ramazon oyi nafaqat ibodat oyi, balki yaxshilik va saxovat oyidir. Yangi O‘zbekistonda milliy va diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tibor va e’zoz xalqimiz orasida ma’naviy yuksalish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Ushbu muborak oyda xar birimiz ezgu amallar qilishga, bir-birimizga yordam berishga va jamiyatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga intilishimiz lozim. 

Saidafzal Saidjalolov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish