1

Ham sayohat, ham ziyorat

Istiqbolli turizm 

O‘zbekiston va Malayziyani o‘zaro teng manfaatli hamkorlik, bir-biriga yaqin madaniy qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlar mustahkam bog‘lab turadi. Bu mamlakat respublikamiz uchun Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi muhim sheriklardan biri. Keyingi yillarda ikki davlat ham xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilm-fan va turizm sohalaridagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Prezidentimiz joriy yilning fevral oyida rasmiy tashrif bilan Malayziyada bo‘lib, oliy darajada muzokaralar o‘tkazdi. Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Malayziyaning yetakchi siyosatchilari, ishbilarmon doira vakillari va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuvlar tasdiqlandi. Savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan memorandumlar imzolandi.

Shuningdek, turizm sohasidagi hamkorlik doirasida Kuala-Lumpur va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, malayziyalik sayyohlar uchun O‘zbekistonning tarixiy va diniy merosi bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish, Umra safariga boruvchilar uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda xalqaro darajadagi mehmonxonalar va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, Malayziyaning yirik sayyohlik kompaniyalarini yurtimizga jalb qilish, turizm sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi. Bular O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat. 

Muzaffar Komilov, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Manba: “Jadid” gazetasi 2025-yil 14-mart, 11-son

Gazetani yuklab olish uchun

Izoh qoldirish