Oksforddagi Oʻzbekistonga oid xazinalar
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Buyuk Britaniyada boʻlib oʻtayotgan madaniy meros haftaligi doirasida Oksford islom tadqiqotlari markaziga tashrif buyurishdi.
Oksford Islomshunoslik markazi direktori Farhan Nizami, markaz vakillari va olimlari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov va boshkalar ishtirok etdi.
Yangi Oʻzbekistonda madaniy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, dolzarb ilmiy tadqiqotlar haqidagi, shuningdek, bu boradagi xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishga oid taqdimotlar tinglandi.
Oʻz navbatida Oksford Islom tadqiqotlari markazi vakillari ham qator davlatlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Islom olami tarixi atlasi” loyihasini taqdim etdilar. Loyihada dunyoning har bir mintaqasining Islom sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrni, muhim kashfiyotlar, olimlar hayoti va faoliyati, shuningdek, musulmon sivilizatsiyasining jahon ilm-faniga qoʻshgan hissasi koʻrib chiqiladi. Muzokaralar chogʻida ushbu loyiha turkumida Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bagʻishlangan jildni yaratish boʻyicha ikki tomonning saʼy-harakatlarini birlashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Samimiy muloqot davomida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, xalqaro tadqiqot markazlari va Oksforddagi islom tadqiqotlari markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolanidi. Tadbir doirasida soʻnggi yillarda chop etilgan kitob va albomlar koʻrgazmasi tashkil etildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uygʻun Gʻafurov tomonidan “Renessans olimlari qomusi” kitobi hamda esdalik sovgʻasi Oksford islom tadqiqotlari markaziga hadya qilindi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari tomonidan Markazga Katta Langar Qurʼoni faksimilesi, shuningdek, “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlar sovgʻa qilindi.
“Oʻzbekiston boy tarix va betakror madaniy merosga ega qadimiy mamlakat, – dedi Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy. Men Oʻzbekistonga koʻp marotaba borganman. Ammo soʻnggi yillarda mamlakatingiz tashqi dunyo bilan aloqalari tobora kengaya boshladi. Yangi Oʻzbekiston rahbari barcha xorijiy hamkorlar qatori biz olimlar, xorijiy tadqiqotchilar uchun ham eshiklar ochiq ekanini aytmoqda.
Jumladan, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan birgalikda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha olib borilgan muzokaralar kutilgan natijalarni berishiga ishonaman”.
Izoh qoldirish