1

Vashington shahrida Akademiya rektori AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlariga xizmat safari doirasida Vashington shahrida AQShning turli shtatlarida istiqomat qilayotgan va faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv davomida vatandoshlarimizga O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yosh avlodning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun O‘zbekistondagi oliy diniy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlari, mavjud ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy-ma’rifiy muhit hamda diniy bilimlarni chuqur egallash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv davomida AQShning Florida shtati Orlando shahrida joylashgan “Al-Buxoriy markazi” rahbari Nodir Radulov markaz faoliyati, vatandoshlarimiz uchun amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy tashabbuslar, shuningdek, majmua hududida yangi barpo etilayotgan masjid va madrasa loyihalari, ularning kelgusidagi faoliyati hamda ta’lim-tarbiya yo‘nalishidagi rejalari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, kelgusida AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan O‘zbekistonning diniy-ma’rifiy soha mutaxassislari, yetakchi olimlari va professor-o‘qituvchilari ishtirokida muntazam uchrashuvlar, ilmiy-ma’rifiy suhbatlar hamda muloqotlar tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Yakunda vatandoshlar bilan doimiy muloqotni rivojlantirish, ularning diniy-ma’rifiy ta’limga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Izoh qoldirish