156

“8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan REKTOR TABRIGI

Assalom-u alaykum, hurmatli hamkasblar! Qadrli va munis opa-singillar, aziz talaba-qizlarimiz!

Avvalo, barchangizni, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi nomidan goʻzallik va nafosat ayyomi “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizga oʻzimning eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirib, el-yurtimiz ardogʻida boʻlish baxti, oilaviy saodat hamrohingiz boʻlishini tilayman.

Darhaqiqat, ayol oilada – ona, suyukli yor, uy bekasi boʻlsa, jamiyatda – muallima, olima, rahbar  kabi vazifalarda faoliyat olib borayotgan nozik, ayni paytda matonatli xilqatdir. Ayolning mehri ummondek ulugʻ, uning sarhadlari koʻrinmaydi. Onaning oʻz oilasi, yaqinlari, farzandlariga koʻrsatadigan mehri ortsa ortadiki, aslo kamaymaydi. Mana shu mehr uning atrofidagi insonlarga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Bu ayolga Yaratgandan inʼom etilgan bir moʻjiza desak yanglishmaymiz. U oila poydevorini nafaqat yaratadi, balki mehr beradi, mustahkamlaydi ham. Bu mehrga fidoyilik ham yoʻgʻrilgan, Ona barchaga birdek mehribon boʻlish bilan birga  davlat va jamoat ishlarida ham fidoyi, faol.  Shoir taʼbiri bilan aytganda, u “bir qoʻli bilan beshikni, ikkinchi qoʻli bilan dunyoni tebratadi”

Akademiyamiz jamoasining 71 nafarini professor-oʻqituvchilar, 103 nafarini xodima mehridaryo, fidoyi ayollar tashkil etadi. Talabalarimizning 1123 nafari oqila qizlardan iborat. Moʻtabar ayollarimizning 12 nafari fan doktori, 46 nafari  fan nomzodlari va falsafa doktorlaridir. Shu oʻrinda kuni kecha “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi dotsenti Gulnora Gʻulomovaning Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishlari, Akademiya jamoasi uchun faxr tuygʻusini berganini taʼkidlamoqchiman. Shuningdek, talaba-qizlarimizning ilmiy yutuqlari ham bizni hamisha quvontirib kelgan. Xususan, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi Kamola Yusupova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga, Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi Eleonora Keldiyorova, Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Zebuniso Hashimxanova hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi Kamola Esanovalar 2023/2024 oʻquv yili uchun Imom al-Buxoriy nomidagi davlat stipendiyasiga, Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Dinora Eshboyeva esa, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasiga munosib deb topilgani, talabalarimiz orasidagi ilmiy salohiyat va yutuqlar oʻsib borayotganini koʻrsatmoqda. Albatta, “Ayolga baxt berish, saodat berish” hamisha munis xilqat egalarini bunyodkorlikka, yuksaklikka undaydi. Shunday ekan, mamlakatimiz ravnaqi, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan, oila va jamiyatda mustahkam oʻrni va soʻziga ega boʻlgan muhtaram ayollarimizni har qancha taʼrif etsak, mehr bersak, shuncha kam.

Yurtboshimiz xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrnini yanada oshirish borasida soʻnggi yillardagi chiqishlarida 300 dan ortiq topshiriq, vazifalar belgilaganliklari, ayni vaqtda ularning ijodi hamda mehnat faoliyatiga eʼtibor hamda eʼtiroflar qilganliklari, tahsinga sazovordir. Buning isboti sifatida 2024-yil 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari: “... qanchalik qiyin boʻlmasin, biz qoʻshimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi”, degan soʻzlari fikrimizning isbotidir. Bunday yuksak eʼtibor va eʼtiroflarga bizning ayollarimiz munosibdir.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ayoli eʼzozlangan yurtda yuksalish, farovonlik hukm suradi. Onalarimiz duolarida ham farzandini kamolini soʻraydi. Baxtimizga onalar sogʻ-salomat boʻlishsin! Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk moʻjizasi boʻlgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz shaʼniga har qancha goʻzal soʻzlarni aytsak, shuncha kamdir. 

Barcha opa-singillarimga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlariga fayz-u baraka tilayman. 

Qutlugʻ bayramingiz muborak boʻlsin, aziz ayollar!

8-mart 2024-yil.

Uyg‘un GʻAFUROV,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish