85

Akademiyaning Malayziyadagi yangi hamkori – UCSI universiteti

Akademiya rektori Uyg‘un Gʻafurov, prorektorlar Zokirjon Roʻziyev va Salim Dusanov, dotsent Durbek Rahimdjanov, Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Ilhom Berdiyorov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Bahodir Xo‘jayev, UCSI universitetining Ilmiy ishlar va tadqiqotlar boʻyicha prorektori professor Phang Siyev Moi, shuningdek universitet vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Qayd etish lozimki, UCSI universiteti Kuala-Lumpur shahrida 1986-yilda tashkil etilgan xususiy universitet hisoblanadi. Hozirda universitetda 12 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Malayziyaning dunyoning TOP universitetlari reytingida 284-o‘rinni qayd etgan. Xususiy universitetlar ichida Malayxziyadagi eng nufuzli oliy taʼlim muassasasi sanaladi. Universitet professor-oʻqituvchilaridan 57 foizidan ortigʻi ilmiy darajalarga ega. Universitetda ayni vaqtda 120 millat vakillari tahsil oladi, ular talabalar umumiy sonining 30 foizini tashkil etadi. 

Uchrashuv avvalida Phang Siyev Moi universitet va uning faoliyati haqida maʼlumot berdi. Universitetda 7 fakultet, 4 institut, 1 markaz va 1 oliy maktab faoliyat yuritishini bildirdi. 

Oʻz navbatida rektor Uyg‘un Gʻafurov universitet rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ishtirokchilarga Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, uning faoliyati va tarkibidagi markazlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Jumladan, Akademiyaning xalqaro faoliyatiga toʻxtalib, bunda Malayziya universiyetlari bilan aloqalar alohida oʻrin tutishini va bu aloqalar uzoq yillar davomida shakllanganini qayd etdi. Bevosita hamkorlikning istiqbolli sohalari haqida gapirib, islom iqtisodiyoti, turizm, psixologiya, axborot texnologiyalari kabi yoʻnalishlarda aniq rejalarni belgilash mumkinligini aytib oʻtdi.

Shundan soʻng prorektor Salim Dusanov soʻz olib, ikki muassasa oʻrtasida talabalar almashinuvi, qoʻshma taʼlim, kutubxona bazalarini integratsiyalash, yozgi maktablar kabi dasturlarni yoʻlga qoʻyish ikki tomon uchun ham foydali boʻlishini qayd etdi.

Prorektor Zokirjon Roʻziyev esa yuqoridagi takliflarga qoʻshimcha ravishda ilmiy tadqiqotlar, nashrlar va oʻquv dasturlarini oʻrganish kabi takliflarni ilgari surdi.

Bunga javoban Phang Siyev Moi universitetda ayni paytda islom iqtisodiyoti yoʻnalishi mavjud boʻlmasada, bu sohada akademiya bilan hamkorlikda qoʻshma loyiha tayyorlash va natijada qoʻshma dastur tashkil etish mumkinligini maʼlum qildi. 

Rektor Uyg‘un Gʻafurov mezbonlarga berilgan batafsil maʼlumotlar va tajriba almashganlari uchun minnatdorlik bildirib, ularni kelgusida Akademiyada oʻtkaziladigan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish uchun taklif etdi. 

Shuningdek, ikki muassasa oʻrtasida akademik aloqalarni oʻrnatish masalalari muhokama etilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Xizmat safari davom etmoqda.

Izoh qoldirish