173

Saloh Muhammad Solim Abul Haj Akademiyada mehmon bo‘ldi

Islom ilmlari xalqaro universiteti hanafiy fiqhi fakulteti dekani, professor Saloh Muhammad Solim Abul Haj O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mehmon bo‘ldi.

Hurmatli mehmon bilan uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg‘un G‘afurov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, prorektorlar – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, Zokirjon Ro‘ziyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Saloh Muhammad Solim Abulhoj 1974-yili 24-iyulda Iordaniyaning Ummon shahrida tugʻilgan. 2002-yili Bagʻdod universitetining shariat fakultetida hanafiy fiqhi boʻyicha doktorlik darajasini olgan. 2006-yili Iordaniyadagi Balqo amaliy universitetining usulud din fakultetida assistent (yordamchi ustoz) vazifasini egallagan. 2016-yili Iordaniyadagi Islom ilmlari universitetidagi Shariat va qonun fakultetida professor lavozimiga tayinlangan.

Olim Iordaniyadagi shariat matnlarini qadimiy uslubda oʻrgatishga va fatvolar berishga ixtisoslashgan “Anvorul ulamo” nomli oʻquv markazini tashkil etgan.

Turkiya, Falastin, Hindiston va boshqa mamlakatlarda tashkil etilgan bir qancha konferensiyalarda ishtirok etgan hamda turli xorijiy tillarga tarjima qilingan koʻplab kitoblar muallifi hisoblanadi.

Uchrashuvda Akademiya vakillari Saloh Muhammad Solim Abulhojni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. 

Shundan so‘ng Akademiya rektori yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Suhbat davomida Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berildi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Samimiy muloqotda Saloh Muhammad Solim Abulhoj yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. Bu zamin azaldan yirik ulamolar, mutafakkirlar yurti ekanini e’tirof etdi.

Uchrashuv yakunida hurmatli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish