271

RAMAZON HAYITI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum, hurmatli jamoadoshlar! 

Muhtaram professor-oʻqituvchilar! Qadrli talaba-yoshlar! 

Siz, azizlarni saodatli, ulugʻ ayyom Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr bilan chin qalbdan tabriklayman! 

Mehr-muruvvat, hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni ulugʻlovchi ayyomning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati beqiyos. Bu qutlugʻ kunda barchamiz, avvalo, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka, oilalarimizdagi farovonlik uchun cheksiz shukronalar aytamiz! 

Ramazon – Qurʼon oyi. Ha, bu ulugʻ oyning eng buyuk fazilatlaridan biri ham insonlarning qalban va ruhan poklanishida. Shukrki, barchamiz ushbu tabarruk oyni solih amallar va ibodatlar bilan oʻtkazdik. Moʻtabar kunlarda barcha araz-ginalar, xafagarchiliklar unutilib, kechirimli boʻlish musulmon kishiga xos goʻzal fazilatdir. Umuman, Roʻza ibodati bilan nafs tarbiyalanadi, qalb poklanadi, mehr-oqibat yuksaladi.

“Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori asosida yurtimizda Ramazon oyi davomida maʼnaviy poklik, sabr-qanoat kabi fazilatlarni eʼzozlash, bugungi tinch va farovon hayotimizni qadrlash, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, yosh avlodni Vatanimizga muhabbat, azaliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida koʻplab amaliy ishlar bajarildi. 

Ayniqsa, davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlovi bilan 1 400 nafar yurtdoshimizning muqaddas Umra safariga borib, har bir musulmon kishi orzu qiladigan muqaddas ibodatni amalga oshirib, eson-omon yurtimizga kelgani barchamiz qatori dunyo ahlining ham ehtiromi va eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari, magistratura bosqichi talabalari ham joylarga chiqib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari, nuroniylar holidan xabar olish bilan birgalikda yurtdoshlarimizni diniy-maʼrifiy sohadagi yangiliklar bilan tanishtirishdi.

Biz mana shunday faol ustoz va talabalarimizga minnatdorlik bildiramiz! 

Mamlakatimiz osoyishtaligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlidagi barcha xayrli ishlarimizga Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin! 

Muborak Ramazon hayiti bilan Siz, azizlarni yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga tinchlik-xotirjamlik tilayman!

Muzaffar KOMILOV, 

Rektor.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish