1

O‘zbek tilim – millatim faxri

Til – millatning ruhi, uning o‘zligini va madaniy merosini aks ettiruvchi eng ulug‘ boylikdir. 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida mamlakatimizning har bir go‘shasida alohida hurmat bilan nishonlanadi. Ushbu kunda ona tilimizning beqiyos qadri, xalqimizning o‘zligini va tarixini ifodalashdagi o‘rni yana bir bor yodga olinadi.

1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki qadami bo‘ldi. 2020-yil 10-aprelda esa O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi quvonarli hol bo‘ldi. Mazkur qonun bilan har yili 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni etib nishonlash belgilandi.

Mamlakatimizda har yili sana munosabati bilan turli bayram tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy anjumanlar, soha mutaxassislari bilan davra suhbatlari tashkil etiladi. Mazkur bayram keng miqyosda nishonlanadi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham sana munosabati bilan “O‘zbek tilim – millatim faxri” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Xalqaro Turon fanlar akademiyasi akademigi Temurbek To‘raboyev, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Axtamquli Karimov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Tadbirni Akademiyaning birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, ona tilimiz nufuzi va mavqeyi yildan-yilga oshib borayotgani, uning yanada taraqqiy etishi, xalqaro maydonlarda baralla yangrashi uchun yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Millat ko‘zgusiga bo‘lgan chuqur ehtirom har bir kishining kundalik turmush tarzida ham namoyon bo‘lishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.

Tadbirda so‘z olganlar O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabriklab, o‘zbek tilining boy tarixi, xususan, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi buyuk bobokalonlarimizning ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi.

Tantanali marosimda tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burchimiz bo‘lib qolishiga e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Akademiyadagi barcha rasmiy hujjatlari, kitob va to‘plamlar hamda internet saytida e’lon qilinayotgan ma’lumotlar davlat tili meyorlariga muvofiq tayyorlanmoqda. Akademiyada faoliyat yuritayotgan “O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-yoshlarni o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini chuqur o‘rganish, Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasida darslar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. 

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktyabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Akademiyada oʻzbek tiliga boʻlgan hurmatni oshirish, yozma savodxonlikni mustahkamlash hamda imlo qoidalariga rioya qilish madaniyatini keng targʻib etish maqsadida “Umummilliy diktant” loyihasi tashkil etildi.

Mazkur loyihada Akademiyaning 100 ga yaqin professor-oʻqituvchilari, xodimlari hamda talabalari ishtirok etdi.

Ushbu tanlov Akademiya jamoasining oʻzbek tilining imlo va punktuatsiya qoidalari boʻyicha bilimlari sinovdan oʻtkazdi, yozma savodxonlik va savodli ish yuritish koʻnikmalarini rivojlantirdi, qolaversa, davlat tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yanada yuksaltirishga xizmat qildi deyish mumkin.

Shuningdek, kuni kecha Taʼlim va ilm-fan vazirligi tomonidan yurtimiz oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar oʻrtasida oʻzbek tilidan respublika olimpiadasi oʻtkazildi.

46 ta oliy taʼlim tashkilotidan 15 ta xorijiy davlat vakili boʻlgan 74 nafar talaba ishtirok etgan mazkur olimpiadada Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 4-kurs talabasi Abdurahmon Habibullayev faxrli 2-ўринни egallab, sovrindorlar safidan joy oldi.

Shuningdek, Islomshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi Muhammadjon Bekmurzoyev hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 1-kurs talabasi Abdul Vahab Shaxnaz faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bakalavr va magistrlari uchun ta’sis etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy maxsus stipendiyasi 2026-yilgi tanlovi g‘oliblariga guvohnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan “Jadidlar armoni” nomli spektakl yig‘ilganlarga havola etildi.

Spektakl jadidchilik tarixi haqida so‘zlab, jadidchilikka asos solinishi tarixi, uning namoyandalari taqdiri, jadidlarning yurtimiz tarixida qoldirgan izi haqida haqida hikoya qiladi. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish