Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Turkiy tilli davlatlarning falsafasi, madaniyati, aloqalari: tarix, bugun va kelajak” mavzusida VII xalqaro simpozium o‘tkazildi.
Simpozium doirasida turkiy xalqlar o‘rtasidagi falsafiy va madaniy aloqalar, umumiy tarixiy ildizlar, zamonaviy axborot makonidagi hamkorlik va taraqqiyot istiqbollari kabi masalalar muhokama etildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan simpoziumda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti, Turkiya Respublikasining Qirqqal’a universiteti, Qozog‘iston Respublikasining Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy-Qozog‘iston davlat universiteti, Qirg‘iziston Respublikasi K.Sh.Toqtamatova nomidagi xalqaro universitetlardan yetakchi olimlar, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, magistr va talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi prorektori Ilhom Bekmirzayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova hamda K.Sh.Toqtomamatova nomidagi xalqaro universitet prorektori Tolagan Omoshev tabrik so‘zlari bilan ochib berishdi.
“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etilgan anjuman ijtimoiy fanlar, falsafa, tarix, siyosatshunoslik va madaniyatshunoslik sohalaridagi dolzarb masalalarni qamrab oldi.
Mazkur ilm muhokamasini o‘tkazishdan maqsad Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, hamkorligi va xavfsizligi masalalari shuningdek, turdosh fan yo‘nalishlarida Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi omillari hamda qonuniyatlarini o‘rganish sohasida to‘plangan tajribani umumlashtirishdan iborat.
Simpozium davomida Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlarining nazariy-metodologik masalalariga oid tahlillar o‘rganildi. Turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati tarixi bo‘yicha ma’lumotlar almashildi. Turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy, siyosiy jihatlari masalasi muhokama qilindi.
– Bugungi kunda esa davlatlar va millatlar global markazlarning hukmronligi ostida qoldi, – deydi Istanbul universiteti ijtimoiy siyosat fanlari doktori Kemal Yavuz Ataman. – Siyosiy, iqtisodiy va texnologik monopoliyalar shakllanib, insoniy, milliy va diniy qadriyatlar zaiflashdi. Tabiiy boyliklar va resurslar talanmoqda, barcha narsa manfaat asosiga qurilmoqda, insoniyatning kelajagi xavf ostida qolmoqda. Shunday davrda turkiy xalqlarning birdamligi har qachongidan-da muhim.
O‘ylaymanki, bugungi simpozium o‘tmishda yashab o‘tgan ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganishga, bugungi kundagi mushtarak maqsadlarimiz sari tatbiq etishga zamin bo‘ladi. Bu borada anjuman ishiga muvaffaqiyat tilab, uni yuqori saviyada tashkil etgani uchun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga minnatdorlik bildiraman.
Tadbirda “Turkiy xalqlar davlatchiligi va huquqi tarixi genezisi va evolyutsiyasini ilmiy o‘rganishning dolzarbligi”, “Ko‘p qutblilik sharoitida Turkiy dunyoning geosiyosiy transformatsiyasi va O‘zbekistonning strategik o‘rni”, “Doro Shukuh tasavvufiy-falsafiy merosida inson va tabiat uyg‘unligi g‘oyasi”, “Zangi ota – Turkiston mashoyixlaridan biri”, “Turkiy an’analarning naqshbandiya tariqati taraqqiyotidagi o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Simpoziumda “Turkiy falsafiy tafakkurda inson va tabiat uyg‘unligi: tarixiy ildizlar va zamonaviy talqinlar”, “Turkiy xalqlar davlatchiligi va huquq tarixi hamda ularning zamonaviy huquq tizimlar rivojidagi o‘rni”, “Turkiy davlatlar integratsiyasi: geosiyosiy jarayonlar va yangi istiqbollar”, “Buyuk Ipak yo‘li va turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar” hamda “Turkiy xalqlarning islom svilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” singari masalalar muhokama qilindi.
Asosiy munozaralardan so‘ng simpozium ishi panel sessiyalari bilan davom etdi. Simpoziumda soʻzga chiqqanlar tomonidan turkiy tilli davlatlar falsafasi, madaniyati, tarixining yangi qirralari, turkiy tilli davlatlar integratsiyasi va hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, siyosiy jihatlariga taʼsir etuvchi omillar, turkiy tilli davlatlarning hamkorlik aloqalarining tarixi va buguni hamda turkiy tilli davlatlar hamkorligini rivojlantirishning ijtimoiy, madaniy va siyosiy jihatlarining istiqbollari qayd etildi.
Darhaqiqat, Uchinchi Renessans mustahkam poydevorini yaratish uchun, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish nihoyatda zarur. Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan qardosh turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi, mushtarak xalqlarning ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qizg‘in munozara, mavzu yuzasidan o‘rtaga tashlangan masalalar bo‘yicha yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Anjuman doirasida 100 dan ziyod maqola tezislari to‘plandi, ular orasidan eng dolzarb masalalarga bag‘ishlangan tezislar saralandi.
Bir so‘z bilan aytganda, turkiy xalqlarda buyuk ajdodlarga nisbatan hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Bu kabi xalqaro darajadagi ilmiy anjumanlar esa tarixiy, madaniy va ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, mavjud juda katta imkoniyat va salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishi shubhasiz.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish