Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektorining 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan tabrigi
Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar!
Qadrli talabalar!
Avvalo, barchangizni bugungi 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan tabriklayman!
Til – millatning ruhi, tarixiy xotirasi va maʼnaviy qiyofasidir. Inson ona tili orqali dunyoni anglaydi, milliy qadriyatlarni oʻzlashtiradi, ajdodlar merosini oʻrganadi va uni kelajak avlodlarga yetkazadi. Shu maʼnoda, ona tilini eʼzozlash – millatni eʼzozlash, uni asrab-avaylash esa milliy oʻzligimizni asrash demakdir.
Tilimizning qadri haqida gap ketganda, birinchi navbatda, Alisher Navoiy hazratlari koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Buyuk mutafakkir bobomiz oʻzining “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida turkiy tilning boyligi, nozik maʼno qirralari va ifoda kuchini ilmiy asoslab berdi. Turkiy til himoyasiga qalam tortib, ulugʻ bobomiz shunday degan edilar:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Mazkur satrlar ona tilimizning cheksiz badiiy qudratiga buyuk shoirning ishonchi ifodasidir. Alisher Navoiy merosi bugun ham tilimizning yuksak badiiy va maʼnaviy salohiyatini koʻrsatuvchi buyuk maktab boʻlib qolmoqda. Bugungi kunda ona tilimizga davlat darajasida katta eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizga yo‘llagan tabriklarida taʼkidlaganlaridek, “Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan ona tilimiz olis ajdodlarimizdan bizga buyuk meros bo‘lib kelayotgan o‘z tilimizdir. Biz “O‘z” degan ezgu g‘oyani tilga munosabatimizda ham ana shunday tushunamiz va joriy etamiz. Ayni shu g‘oya o‘zak tomirlarimizdan oziqlanib kelgan ona tilimizga dunyo bilan erkin muloqot qilish, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda yangi kuch-quvvat beradi, deb ishonamiz”.
Davlatimiz rahbari davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb bilish kerakligini alohida qayd etib, tilimizning jamiyat hayotidagi mavqeini oshirish, uni raqamli makonda rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasida oʻzbek tilining oʻrnini mustahkamlash boʻyicha muhim vazifalarni belgilab bermoqda.
Shuningdek, davlat tili jamiyatimizni, tili va millatidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi lozimligi taʼkidlanadi.
Xalqimizning koʻp asrlik ilmiy-maʼrifiy merosi, diniy-maʼnaviy qadriyatlari, tarixiy manbalari va adabiy obidalari tilimizning boyishida hamda avlodlar oʻrtasidagi maʼnaviy davomiylikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Ajdodlarimiz yaratgan ilmiy va maʼrifiy asarlarni oʻrganish, ularning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uygʻun targʻib etishda ona tilimizning imkoniyatlari beqiyosdir.
Ayniqsa, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi zimmasiga bu borada alohida masʼuliyat yuklatilgan. Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, islom sivilizatsiyasi merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish jarayonida til madaniyati, ilmiy bayonning aniqligi va milliy qadriyatlarga hurmat muhim ahamiyatga ega. Oʻzbek tilida ilmiy asarlar yaratish, ajdodlarimiz merosini zamonaviy tadqiqotlar asosida yoritish, ilmiy atamalarni toʻgʻri va oʻrinli qoʻllash akademiyamizning maʼrifiy faoliyatidagi asosiy yoʻnalishlardan biri boʻlishi lozim.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktyabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Akademiyada oʻzbek tiliga boʻlgan hurmatni oshirish, yozma savodxonlikni mustahkamlash hamda imlo qoidalariga rioya qilish madaniyatini keng targʻib etish maqsadida “Umummilliy diktant” loyihasi tashkil etildi.
Mazkur loyihada Akademiyaning 100 ga yaqin professor-oʻqituvchilari, xodimlari hamda talabalari ishtirok etdi.
Ushbu tanlov Akademiya jamoasining oʻzbek tilining imlo va punktuatsiya qoidalari boʻyicha bilimlari sinovdan oʻtkazdi, yozma savodxonlik va savodli ish yuritish koʻnikmalarini rivojlantirdi, qolaversa, davlat tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yanada yuksaltirishga xizmat qildi deyish mumkin.
Oʻz navbatida, ushbu tanlovda gʻolib boʻlgan ishtirokchilarni samimiy muborakbod etib qolaman.
Shu oʻrinda sizlar bilan bir quvonchli xabarni boʻlishmoqchiman!
Kuni kecha Taʼlim va ilm-fan vazirligi tomonidan yurtimiz oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar oʻrtasida oʻzbek tilidan respublika olimpiadasi oʻtkazildi.
46 ta oliy taʼlim tashkilotidan 15 ta xorijiy davlat vakili boʻlgan 74 nafar talaba ishtirok etgan mazkur olimpiadada Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 4-kurs talabasi Abdurahmon Habibullayev faxrli 2-ўринни egallab, sovrindorlar safidan joy oldi.
Shuningdek, Islomshunoslik fakulteti 2-kurs talabasi Muhammadjon Bekmurzoyev hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 1-kurs talabasi Abdul Vahab Shaxnaz faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlandi.
Fursatdan foydalanib, talabalarimizning ushbu yutuqlari bilan samimiy tabriklaymiz! Kelgusida ham ilm-fan yoʻlida ulkan zafarlar va yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Muhtaram tadbir ishtirokchilari!
Sizlar – mamlakatimizning ertangi kuni, ilm-fan va maʼrifatning davomchilari, milliy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazuvchi bunyodkor kuchisizlar. Ona tilimizni sevish bilan birga, uni chuqur oʻrganing, soʻz boyligingizni oshiring, fikringizni aniq, ravon va taʼsirchan ifodalashga intiling. Har bir soʻzingizda odob, har bir fikringizda teranlik, har bir amalingizda milliy qadriyatlarga hurmat namoyon boʻlsin.
Shuni unutmaylik: tilning ravnaqi, avvalo, uning sohiblariga bogʻliq. Ona tilimizning nufuzini yuksaltirish, uning ilm-fan, taʼlim, madaniyat va zamonaviy texnologiyalardagi imkoniyatlarini kengaytirish barchamizdan izchil saʼy-harakatni talab etadi.
Keling, ona tilimizni nafaqat faxrimiz, balki kundalik hayotimizdagi amaliy qadriyatimizga aylantiraylik. Uni asrab-avaylaylik, boyitaylik, ilm-fan va maʼrifat tili sifatida rivojlantiraylik hamda kelajak avlodlarga yanada mukammal holda yetkazaylik.
Muzaffar Kamilov,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish