419

Amir Temur – buyuk davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan homiysi

Amir Temur o‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblanadi. Buyuk ajdodimiz – Sohibqiron Amir Temur nafaqat o‘zbek xalqining, balki bashariyatning ham qalbidan chuqur joy olgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan sana mamlakatimizda har yili an’anaviy tarzda keng nishonlanadi. Bu yil ham yurtimiz bo‘ylab ulug‘ sarkarda tavalludining 687 yilligi tadbirlari katta xursandchilik bilan o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham mazkur sana munosabati bilan “Amir Temur – buyuk davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan homiysi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Iqbol Mirzaaliyev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlari, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida Sohibqiron Amir Temur nafaqat o‘z davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qit’alarida ro‘y bergan tarixiy o‘zgarishlarga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatib, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan inson ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Iqbol Mirzaaliyev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi Xurshid Fayziyev, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Ahadjon Hasanov so‘zga chiqib, buyuk bobomizning hayotiga oid qiziqarli ma’lumotlar, uning dunyo tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritishdi.

Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur tavalludining 687 yilligi arafasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ulug‘-ajdodlarimiz siymosiga yuksak ehtirom ko‘rsatish, xususan, jahon taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, mardlik va adolat timsoli sifatida ulug‘lanadigan Amir Temur hayoti hamda faoliyatini o‘rganishga nafaqat o‘zimizda, balki xalqaro miqyosda qiziqish juda katta ekanligi ta’kidlandi. “Temur tuzuklari” asari yoshlarni vatanparvarlik, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.

Bayram tadbirida Sohibqiron haqida videorolik namoyish etildi. Talabalarning she’riy va musiqiy chiqishlari, Amir Temur monologi, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish