244

Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov o‘z so‘zida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ekanini ta’kidladi.

Dastlab Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilariga ilmiy darajalari berilgan diplomlar tantanali tarzda topshirildi.

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori, taniqli olim, jonkuyar va mehribon ustoz Ahadjon Hasanovning tavallud ayyomi muborakbod etildi. Ustozga uzoq umr, sihat-salomatlik tilanib, esdalik sovg‘asi topshirildi. 

Shundan so‘ng O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokir Ro‘ziyev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining Akademiyadagi ijrosi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomovning Akademiya kafedralarining ilmiy salohiyati, ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, iqtidorli talabalar bilan olib boriladigan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring sektori Yahyobek Hayitaliyev Akademiyada davlat tilida ish yuritish me’yorlariga rioya qilish holati bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Manbalar xazinasi bo‘limi mudiri Muhammadsiddiq Usmonov bo‘limning faoliyati hamda fonddan Akademiya magistr, tadqiqotchi, professor-o‘qituvchi va xodimlarining foydalanish holati to‘g‘risida hisobot berdi.

Kengash davomida turli masalalar bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi. Jumladan, Zohidjon Islomovning Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish, Akademiyada ilmiy salohiyatli, yuqori natijalarga erishayotgan xodimlar hamda professor-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida so‘z yuritildi. 

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish