Har kuningiz bo‘lsin Navro‘z!
Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal an’ana hisoblanadi.
Xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jamiyat hayoti, insonlar qalbi va ongida ham yangilanish va taraqqiyotga daxldorlik hissini uyg‘otmoqda. Shu munosabat bilan joriy yilning 2-mart sanasida “2023-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.
Yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillari, qalbi orzu maqsadlarga to‘liq yoshlar, har so‘zida hikmat, yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniylar “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostidagi bayram tantanalarida ishtirok etmoqda.
Ayyom shukuhi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham “Har kuningiz bo‘lsin Navro‘z!” shiori ostidagi shodiyonalar bilan davom etdi. Boqiy an’ana – Navro‘z bayram sayli sifatida keng nishonlandi. Bayram davomida Akademiyada ko‘p yillar faoliyat yuritgan faxriy ustozlar xonadoniga borilib, bayram tuhfalari va Navro‘z taomi – sumalak ulashilib, barchaga mehr-e’tibor ko‘rsatildi.
Yurtimiz ko‘p millatli, turli dinlar vakillari yashaydigan bag‘rikeng diyor sanaladi. Ezgulik va bunyodkorlik qadriyatlarini targ‘ib etuvchi Navro‘z bayrami yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillarining ham e’tiborida bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan Navro‘z bayrami tantanalariga tashrif buyurgan mehmonlarga Navro‘z bayramining tarixi, uning boy ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Doshqozonlarda qaynayotgan sumalak, bayramona muhit mehmonlarda katta taassurot uyg‘otdi.
Shodiyonada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, yurtimizdagi diniy konfessiya vakillari, Milliy madaniy markaz vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, xodimlar, Akademik litsey, “Ziyo-zukko” umumta’lim maktabi o‘qituvchi-o‘quvchilari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Malaka oshirish markazi xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Bayram saylida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi. Akademiya rektori o‘z tabrigida barchani yana bir bor uyg‘onish va yangilanish ayyomi Navro‘z bilan tabriklab, bu bayram qut-baraka elchisi ekani, o‘zining barhayotligi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallayotganini ta’kidladi.
Marosim davomida yurtimizda istiqomat qiluvchi turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarni aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, she’riy-musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda xalq o‘yinlari (kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish) o‘yinlari tashkil etildi. Bahoriy taomlar tanlovi, sumalak sayli, mazali osh tayyorlash musobaqalari o‘tkazildi. Talabalar o‘rtasidagi kitobxonlik tanlovi, sport o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlariga mutasaddilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, samarali ish faoliyati va mehnati bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan Akademiyaning bir guruh o‘qituvchi-xodimlariga tashakkurnomalar topshirildi.
Milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Akademiya talabalari tomonidan Navro‘z va milliy urf-odatlarga oid badiiy chiqishlar, yurtimiz turli viloyatlarining o‘ziga xos urf-odatlari aks etgan sahna ko‘rinishlari, respublika Milliy-madaniy markazlari ansambllarining badiiy chiqishlari bayram tadbiriga yanada fayz ulashdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish