O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning 21-mart – Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan TABRIGI
Assalom-u alaykum hurmatli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!
Ona zamin uzra ko‘klam nafasi kezayotgan ushbu fayzli kunlarda xalqimiz sharqona yangi yil – Navro‘zni o‘zgacha orziqish, shod-u xurramlik bilan kutib olmoqda.
Avvalo, milliy qadriyatlarimiz timsoli bo‘lgan Navro‘z umumxalq bayrami bilan Akademiyamizning ahil jamoasi, talaba-yoshlarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Ma’lumki, Navro‘z ayyomi insoniyat sivilizatsiyasi tarixining ilk davrlariga borib tutashadi. Bahor tengkunligi qadim Movarounnahr (ikki daryo, ya’ni bugungi Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i)dagi astronomik tadqiqotlarga asoslangan. Keyinchalik musulmon olimlari ham Navro‘z kuniga oid ilmiy izlanishlar olib borishgan. Abu Rayhon Beruniy, Umar Hayyom, Mahmud Qoshg‘ariy kabi allomalar ilmiy-ma’naviy merosida ham Navro‘z bayrami haqida noyob fikrlar bildirilgan.
Xususan, ulug‘ mutafakkir Hazrat Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida Navro‘z bayrami haqida shunday satrlar bitgan:
Ki bu sur erur olam afro‘z ham,
Xususan erur fasli Navro‘z ham...
Darhaqiqat, Navro‘z oddiy bayram emas, balki xalqimiz tasavvurlari, qadriyatlari, falsafasi va tarixini o‘zida mujassam etgan qadim qadriyatdir. Navro‘z – bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’i nazar O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksa-yu yosh uchun birdek aziz shodiyona!
Ammo tarix sabog‘i shuki, sobiq totalitar tuzum davrida xalqni o‘zligidan uzoqlashtirish maqsadida Navro‘z bayrami ham eskilik sarqiti sifatida taqiqqa uchragandi. 1990-yildan Navro‘z qayta tiklana boshlandi.
So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Navro‘z bayramining ham qadim shukuhi tiklanib – xalq sayillari tarzida mamlakatimiz barcha hududlarida umumxalq shodiyonasi sifatida keng nishonlanmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Xalqimiz milliy yuksalish va milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ygan hozirgi vaqtda barcha ezgu qadriyat va an’analarimiz qatori Navro‘z bayramining ham hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda”.
Buni yurtimizda millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitini mustahkamlash, bag‘rikenglik, ezgulik va kelajakka daxldorlik ruhida turli millat va elat vakillarining Navro‘zni nishonlashga oid urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari keng namoyish etilgan holda o‘ziga xos o‘tkazilayotganida ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yasharish va yangilanish, yaxshilik va bag‘rikenglik, tabiatni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash kabi umrboqiy g‘oyalar bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi va ma’no-mazmuniga g‘oyat hamohang ekani bilan ahamiyatlidir.
Uch ming yildan ziyod tarixga ega Navro‘zi olam – sharqona yangi yilga ham mengzaladi. Zero, bu bayramni Xitoydan to Bolqonga qadar cho‘zilgan mintaqada muayyan xalqlar, xususan, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrayn, Livan, Pokiston, Hindiston, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Albaniya hamda boshqa o‘lkalar millatlari bahorgi tengkunlik sifatida o‘ziga xos tantana qilib kelmoqda. Umuman olganda, Navro‘z bayrami insoniyat o‘zligini ilk bor yorqin namoyon eta olgani bilan ham ahamiyatlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z xotirjamlik, ezgulik va tinchlik, baxtli hayot hamda farovonlik kirib kelishi ramzidir. O‘zbekistonning noz-ne’matlarga boy zaminida yashayotgan aholining barchasi Navro‘zni xush kayfiyat va katta zavq-u shavq bilan kutib oladi.
Buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda, “Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin”.
Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
Akademiyamizda ham bu yil ulug‘ ayyomimizni “Har kuningiz bo‘lsin Navro‘z!” shiori ostida bayram sayli sifatida keng nishonlangani barchamizning qalbimizga yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor Navro‘zi olam bilan qutlab, mustahkam sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, ezgu niyatlar ijobatini tilayman!
Navro‘z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, mehr-u oqibat, qut-baraka olib kelsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
Izoh qoldirish