310

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy – g‘azal mulkining sultoni

So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Joriy yilda buyuk mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavallud topganiga 582 yil to‘ladi. 

Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilyapti.

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbirida Akademiya professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

“Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy – g‘azal mulkining sultoni” mavzusidagi tantanali marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Akademiya rektori hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi. 

Shuningdek, O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Abdumurod Tilavov ham so‘zga chiqib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda mutafakkir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritishdi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi. Zero, xalqimizning sevimli shoiri Abdulla Oripovning ushbu satrlari bejiz yozilmagan: “Temur tug‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”.

Tadbir davomida talabalar tomonidan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar, g‘azal ijro etildi. O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, Orolmirzo Safarov hamda Ozarbayjon madaniyat markazi ijrochilarining chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Shu bilan birga tadbir doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar hamda mumtoz shoirning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish