281

Akademiya Kengashining navbatdagi majlisida muhim masalalar muhokama etildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov o‘z so‘zida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ekanini ta’kidladi.

Dastlab, 2022/2023-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriat bosqichining talabalari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalariga munosib ko‘rilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bir guruh iqtidorli talabalariga guvohnomalar topshirildi. 

Xususan, yurtimizda yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, oʻz isteʼdod va salohiyatini toʻla namoyon etayotgan Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti 3-bosqich talabasi E’zozaxon Usmonxo‘jayeva, Islomshunoslik fakulteti 4-bosqich talabasi Durdona Asadullayeva, Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti 4-kurs talabasi Xayotbek Rustamovga 2022/2023-oʻquv yili uchun Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasining guvohnomasi topshirildi.

Shu bilan birga, 2022/2023-oʻquv yili uchun Islom Karimov nomli davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Dilzoda Nazimjonova ham taqdirlandi. Akademiya rektori talabalarning mazkur yutuqlari bilan tabriklab, ularning kelgusidagi o‘qishlariga muvaffaqiyat tiladi. 

O‘z navbatida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilariga ilmiy darajalari berilgan diplomlar tantanali tarzda taqdim etildi. 

Shundan so‘ng, 2022-2023 o‘quv yili birinchi yarmida Akademiyada amalga oshirilgan ishlar tahlili va kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida Akademiya prorektorlari axborot berdi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh.Eshmatovning Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi malaka oshirish markazi, “Ziyo” media markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyati natijalari va istiqbolli rejalar to‘g‘risida Malaka oshirish markazi direktori Xusniddin Axmedov, “Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimovning ma’ruzalari eshitildi. 

Majlis davomida Akademiyada mavjud Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO, Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA, Arab tili va adabiyoti al-Azhar, Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO kafedralarining xalqaro hamkorlik faoliyati bo‘yicha amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jaevning ma’lumoti tinglandi. 

Akademiya Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 2022-yil davomida amalga oshirilgan ishlar tahlili va kelgusidagi vazifalar haqida Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Yusuf Sadikov ma’lumot berdi.  

Kengash majlisida Akademiya faoliyatiga oid turli masalalar muhokama etildi. Jumladan, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ga ilmiy unvonga taqdim etish to‘g‘risida hisobot bergan bo‘lsa, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokir Ro‘ziyevning Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish haqidagi hisoboti kun tartibidan o‘rin oldi.

Shuningdek, Akademiya kengashi kotibi Аziza Turgunova bo‘sh (vakant) o‘rinlar va tanlov muddati tugagan pedagog-xodimlar lavozimlariga tanlov o‘tkazish to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. 

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish