O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI
Qadrli hamkasblar!
Aziz talabalar!
Vatanimiz sarhadlari daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayoti kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganiga 31 yil to‘lmoqda.
Shu munosabat bilan, avvalo, Siz azizlarni, siz orqali butun xalqimizni, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlarini 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Tinchlik – bebaho ne’mat! Donishmandlarimiz yurti tinchning o‘zi tinch, deb bejiz aytishmagan! Zero, dunyoning turli burchaklarida yuz berayotgan qurolli mojaro va qarama-qarshiliklar, mafkuraviy kurash keskin tus olgan bugungi tahlikali zamon barchamizning oldimizga jonajon Vatanimizning dahlsizligi va osoyishtaligini ta’minlashni dolzarb vazifa sifatida qo‘ymoqda. Ushbu g‘oyat mas’uliyatli vaziyatda mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini kafolatlash va himoya qilishda Qurolli Kuchlarimiz, xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Ulug‘ muhaddis alloma bobomiz Imom Buxoriy hazratlaridan rivoyat qilinadi: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”.
Darhaqiqat, yurtimizdagi bugungi tinchlik va farovon hayot har bir vatandoshimizdan mas’uliyat hamda burchga sadoqatni talab qiladi. Ona Vatan himoyachilari haqida so‘zlar ekanmiz, yurt ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan Shiroq va Spitamen, To‘maris, buyuk davlat arbobi va qudratli sarkarda Amir Temur, ulug‘ yurtparvarlar Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Vatan ozodligi yo‘lida qo‘lida tig‘ va tug‘ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog‘ida yonib o‘tgan Bobur Mirzolarni yodga olamiz.
Bizga yaqin zamonda yashab yurt mustaqilligi va xalq ozodligi yo‘lida aziz jonini fido qilgan vatanparvar, xalqparvar insonlarning, xususan, ma’rifatparvar jadid bobolarimizning Vatanga muhabbati naqadar ulug‘, imonlari qanchalik mustahkam bo‘lgani yana bir bor ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
Ota-bobolardan meros ona Vatanimizni himoya qilish, har zarra tuprog‘ini aziz bilish, dono xalqimiz o‘zligini asrash, uning ozodligi va mustaqilligini qadrlash barchamiz uchun haq farz, ham qarzdir!
Alohida ta’kidlash joizki, yurt himoyasi nafaqat qurol bilan, balki, o‘z ishiga yoki o‘qishiga mas’ullik bilan munosabatda bo‘lishda, ayniqsa, bugungi axborot xuruji kuchaygan davrda “Jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashishda ham muhim ahamiyatga ega.
Qadrli talabalar!
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgani hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni tom ma’noda umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib bormoqda.
Zero, Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e’tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir.
Jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlikni asrash, yoshlarimizning jismonan va ma’nan barkamol avlod bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu borada yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasida tizimli va muhim islohotlar amalga oshirilayotgani e’tiborlidir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Biz jonajon Vatanimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga har tomonlama qodirmiz. Tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yo‘limizni jadal davom ettiramiz!”, deb ta’kidlaganlari barchamizga o‘zgacha ishonch, kuch va shijoat bag‘ishlamoqda.
Sizlarni Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklayman!
Vatanimizda tinchlik va taraqqiyot, fidokorona xalqimizning hayoti yanada farovon bo‘lsin!
Izoh qoldirish