322

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchi va xodimlari, talaba-yoshlariga YANGI YIL TABRIGI

Qadrli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!

Mana, milodiy yil hisobida 2022-yil ham yakunlanib, yangi – 2023-yilni yangi reja va maqsadlar, ezgu orzu-havaslar bilan kutib olmoqdamiz.

Shunday ekan, fursatdan foydalanib, Siz azizlarni, Akademiya jamoasini, ilmga chanqoq talaba-yoshlarni yangi 2023-yil bilan samimiy qutlayman. Ezgu niyat va yangi reja-maqsadlaringiz ijobat bo‘lishiga tilakdoshman. Barchaga sihat-salomatlik, baxt-u saodat, xonadoningizga fayz-baraka, tinchlik-xotirjamlik tilayman!

Yangi yil – bu inson hayotining, Vatanimizning yangi bosqichga qadam qo‘yishi demakdir. Yangi yil ostonasida turib, o‘tayotgan yil sarhisob qilinib, erishilgan yutuq va zafarlar barobarida, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar tahlil etiladi. 

Huzmatli ustozlar, qadrli talabalar!

Xabaringiz bor, kuni kecha mamlakatimiz siyosiy hayotida katta voqelik kuzatildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini barchamiz katta hayajon bilan kuzatdik. Hayotimizning barcha jabhasini qamrab olgan mazkur Murojaatda Yurtboshimiz “Taʼlim sifatini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona toʻgʻri yoʻlidir”, deya alohida taʼkidlab o‘tdilar. Ayni paytda buyuk mutafakkir bobomiz Yusuf Xos Hojibning quyidagi baytini yodga olgani e’tiborlidir:

“Zakovat bor joyda ulugʻlik boʻladi,

Bilim bor joyda buyuklik boʻladi!”.

Darhaqiqat, har qanday ulugʻ niyatning yechimi, global maqsadlar ijrosi, inson salohiyatining namoyon boʻlishi chuqur bilimga, intilishga, aql-zakovatga asoslanadi. Shu bois, davlatimiz tomonidan asosiy eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilmoqda.

“Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, maʼrifatparvar jadidlarimizning bu umrboqiy soʻzlari bugun barchamizning maqsad-muddaoimiz bo‘lishi zarur! 

Shu bois, yurtimiz hamda xalqaro miqyosda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, ahil jamoasi ham bunyodkorlik va jamiyatimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini ta’kidlamoqchiman. O‘tib borayotgan yil barchamizning hayotimizda quvonch-shodliklar, ijobiy o‘zgarishlarga boy bo‘ldi. Mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida marrani baland olib, mehnat qilayotganimiz qalbimizni faxrga to‘ldirmoqda. 

Xususan, joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan respublikamiz oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingi e’lon qilindi. 

Unga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati reytingida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida 55,95 ball bilan 4-o‘ringa sazovor bo‘ldi. 

Shuningdek, ilk marotaba aniqlangan akademik litseylar reytingida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi ham e’tirof etildi. Jumladan, Ta’lim sifatining alohida raqobat ko‘rsatkichi reytingida akademik litseylar bo‘yicha 1-o‘rin, xorijiy pedagoglar, shuningdek, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytinglarida birinchi 1000 ta o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasalari diplomlariga ega bo‘lgan mahalliy pedagoglar ulushi bo‘yicha esa 4-o‘rinni egalladi.

Albatta, mazkur natijalar barchamizga g‘urur bag‘ishlashi bilan birga yanada ko‘proq mehnat qilishni, izlanishni taqozo etmoqda.

Aziz talaba-yoshlar!

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va ahil jamoasi Siz, aziz talabalarimizning chuqur bilim va kasb-hunar egallashingiz hamda kelgusida o‘z sohangizning yetuk, raqobatbardosh mutaxassis kadrlari bo‘lib yetishishingiz uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishni ustuvor vazifa deb biladi. Ayniqsa, kirib kelayotgan 2023-yilning Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deya e’lon qilingani va xalqimi tomonidan bir ovozdan qullab-quvvanlangani mazkur vazifalarni yanada samarli amalga oshirishimizga kuch-quvvat bag‘ishlashi shubhasiz! 

O‘z navbatida aziz talaba-yoshlaridan Yangi yilni xursandchilikda kutib olgan holda Qishki ta’til davrini ham kitob mutolaa qilish va ezgu ishlar mashg‘ul bo‘lib, ustozlari bergan fan topshiriqlarini bekam-u ko‘st bajarishlarini so‘rab qolaman. Zero, o‘qishdan to‘xtagan odam fikrlashdan ham to‘xtaydi!   

Qadrli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar!

So‘zim yakunida xalqimizning barcha orzu-niyatlari ushalishini, o‘g‘il-qizlarimizning baxt-u kamolini ko‘rish nasib etishini so‘rayman!

Go‘zal va betakror yurtimizda tinchlik-osoyishtalik boqye bo‘lib , bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

2023-yilning qadami qutlug‘ kelsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!

Muzaffar KOMILOV, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish