331

AQSh davlat departamenti vakili Akademiyada mehmon bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida AQSh davlat departamenti vakili Robin Shulman boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘ldi. 

Mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov hamda Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektor Bahrom Mamadiyev kutib oldi. 

Uchrashuvda Akademiya prorektori Zohidjon Islomov Robin Shulmanni yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Muloqot davomida Zohidjon Islomov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi boshqa diniy-ta’lim muassasalari orasida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Shu bilan birga Akademiya ilmiy salohiyati, fakultetlar va ulardagi ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga bilim berishda o‘ziga xos yondashuvlar haqida ma’lumot berdi. Delegatsiya a’zolari uchun “Manbalar xazinasi” bo‘limi hamda Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxovantahur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbalariga ziyorat tashkil etildi.  

Tashrif davomida AQSh davlat departamenti vakili Robin Shulman yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. 

Uchrashuv yakunida mehmonlarga Akademiya rahbariyati nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish