58

Akademiya vakili xalqaro simpoziumda ishtirok etmoqda

Ayni kunlarda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi Saidmuxtor Oqilov 2022-yil 27-29-iyun kunlari Istanbul shahrida Turkiy millatlar uyushmasi Istanbul shoʻbasi va Istanbul shahar hokimiyati (Türk ocaklari İstanbul şubesi ve İstanbul büyükşehir belediyesi) tomonidan tashkil etilayotgan “Bugungi kunda islom dunyosidagi zamonaviy muammolar va ularga yechim topish yo‘llari” (Günümüz islâm dünyasında meseleler ve çözüm yolları-II) mavzuidagi ikkinchi xalqaro simpoziumda ishtirok etmoqda.

Mazkur simpoziumda bugungi kunda dunyoda islom faktori bilan bog‘liq muammolarga yechim topish yo‘llari muhokama qilinmoqda. Simpoziumda Turkiya, Tunis, Rossiya, Ozarbayjon, Qozoqiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston kabi davlatlardan islomshunos mutaxassislar ishtirok etmoqdalar. Simpozium quyidagi jami 10 ta shoʻbaga bo‘lingan holda o‘z ishini olib bormoqda: 

  1. Musulmonlarning kelajagiga nazar (Müslümanların gelecek (öngörüsü) vizyonu); 
  2. Islomning tarixiy va ijtimoiy voqeligi (İslamın tarihsel ve toplumsal gerçekliği);
  3.   Islom dinini turli talqin qilish va tajriba olish (Farklı islam yorumları ve tecrübeleri);
  4. Din va siyosat munosabatlari atrofidagi muammo va yechimlar (Din-siyâset ilişkisi etrafındaki sorunlar ve çözüm önerileri);
  5. Bugungi kunda diniy ta’lim berish masalasi va kelajak (Din eğitimi ve beklentiler);
  6. Diniy konfessiyalarning ijtimoiy-diniy va huquqiy statuslari (Dini grupların dini ve hukuki statüsü);
  7. Din va dunyoviy fanlar munosabatlari va dinga befarqlik masalasi (Din-bilim ilişkisi ve dine karşı kayıtsızlık sorunu);
  8. Turk dunyosidagi global diniy muammolar va yechimlar (Türk dünyasında güncel dini sorunlar ve çözüm önerileri);
  9. Turk va islom olamidagi global diniy muammolar va yechimlar (Türk ve islam dünyasında güncel dini sorunlar ve çözüm önerileri);       
  10.  Barcha shoʻbalarda qilingan ma’ruzalarga umumiy fikr-mulohazalar berish (Değerlendirme oturumu).

28-iyun kuni Saidmuxtor Oqilov simpoziumning navbatdagi “Din va siyosat munosabatlari atrofidagi muammo va yechimlar” nomli 4-shoʻbasida tinglangan ma’ruzalar muhokamasida ekspert mutaxassis sifatida ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. S.Oqilov bugun juda dolzarb bo‘lgan din va siyosat o‘rtasidagi munosabatlar haqida to‘xtalib o‘tib, dinga siyosiy “sayqal” berishga urinayotgan zamonaviy oqimlarga raddiya sifatida Imom Moturidiyning “Maqolat” nomli kitobida “Din payg‘ambarlarga xos, siyosat esa, o‘z davrlarining amirlari qo‘lida bo‘ladi”, degan so‘zlarini sharhlab, dinni siyosiylashtirish noto‘g‘ri da’vo ekanini tushuntirib berdi. Shuningdek, diniy bag‘rikenglik, go‘zal xulq, halollik, poklik kabi insoniylik fazilatlari moturidiya ta’limotining ilgari surgan eng asosiy targ‘ibotlaridan bo‘lganiga alohida urg‘u berib o‘tdi. 

  S.Oqilovning simpoziumdagi ishtiroki davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

Izohlar