221

O‘zbekistonning sa’y-harakatlari AQSHda e’tirof etilmoqda

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ishtirokchisi, AQSH Brigama Yanga universiteti Joshua Ruben Klark nomli yuridik maktabi vakili Doktor Erik Jensen anjuman haqidagi fikrlarini O‘zA o‘quvchilari bilan o‘rtoqlashdi.
 

- Fikrimcha, bugungi kunda din mavzusi o‘ta muhim va dolzarb. Statistika muayyan davlatning diniy ozchilik vakillariga munosabati shu mamlakat ichki vaziyatiga bevosita ta’sir etishini ko‘rsatmoqda.

Qaysiki yurtda aholining har qanday toifasi o‘z dini, e’tiqodini erkin namoyon qilarkan, odatda, o‘sha zaminda fuqarolar o‘zlarini shu Vatanga daxldor, barcha jarayonlarga jalb etilgan his etadilar. Pirovardida aynan shu holat milliy xavfsizlik mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Diniy e’tiqod erkinligi, bu avvalo, hukumat diniy ozchilik vakillarini jamiyatdan ajratib qo‘ymasligi, ularni ta’qib etmasligi, boshqa yurtlarga ko‘chib ketishga majbur qilmasligi bilan bog‘liq.

To‘g‘ri, zamonaviy dunyomiz diniy ekstremizm tushunchasidan butunlay xoli, deya olmaymiz. Insonlarning vazifasi, shunday salbiy g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan kishilarga milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib, turli yo‘llar bilan yordam berishdir.

Shu o‘rinda ayni yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonda so‘nggi yillar sezilarli ijobiy o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidlab o‘tishim kerak. Respublika yildan-yilga e’tiqod erkinligi sari peshvoz chiqib boryapti. Hukumat din va e’tiqod sohasini milliy xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi bilan uyg‘un muvofiqlashtirib boryapti. 

AQSH mazkur masalani jahonning barcha mamlakatlari kesimida diqqat bilan kuzatib boradi va O‘zbekiston bu borada sezilarli darajada ijobiy o‘sishga erishganini e’tirof etadi, mamlakatingizning ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaydi. Mendek sohada xizmat qilayotgan insonlar – mutaxassislar uchun bu juda muhim va quvonchli.

G‘ayrat XONNAZAROV yozib oldi.

O‘zA

Izoh qoldirish