604

“Islomda bolalar huquqi” – go‘daklik, balog‘at va o‘smirlik davrlarini huquqiy asoslagan manba

Inson huquqlari ilmiy yo‘nalishining paydo bo‘lishi haqida so‘z borganda, mutlaq ko‘pchilikning fikriga dastlab G‘arb olimlari tomonidan shakllantirilgan konsepsiyalar keladi. Darhaqiqat, tarixiy ildizlari antik davrga borib taqaladigan ideal orzu – insonning tabiiy, ya’ni unga Yaratgan tomonidan ato etilgan huquqlarni imkon qadar to‘liq ro‘yobga chiqarish haqidagi g‘oyaning shakllanishi Aflotun va Arastu kabi mutafakkirlar bilan bog‘liqdir.

Keyinchalik bu g‘oya Gugo Grotsiy, Tomas Gobbs, Benedikt Spinoza, Jon Lokk, Sharl de Monteske, Jan-Jak Russo va boshqalar tomonidan yangi sharoitlarga moslashtirilgan tarzda rivojlantirilgan. 

Ta’kidlash joizki, islom madaniyatida ham ushbu masalaga azaldan alohida munosabat shakllangan. Islomning sarchashmasi – Qur’oni karimda o‘zining tajassumini topgan yuksak insonparvarlik g‘oyalari, ayniqsa, birgina begunohni o‘ldirish butun insoniyatni qatl etish bilan tenglashtirilgani bunga zamin bo‘lib xizmat qilgan. Shuning uchun ham Yaratgan tomonidan insonga tug‘ilishdan in’om etilgan tabiiy huquqlarni kafolatlash va ularni ro‘yobga chiqarish o‘rta asr musulmon huquqshunosligining uzviy qismini tashkil etgan. Shunga binoan inson huquqlari himoyasini ta’minlash va ularni ro‘yobga chiqarish yo‘llarini kafolatlashga bag‘ishlangan keyingi, asosan, g‘arbona nazariy umumlashtirmalar va konsepsiyalarda umumjahon huquqiy madaniyatining fundamental segmentlaridan biri – fiqhning yutuqlari ham o‘zining ifodasini topgan deyishga barcha asoslar bor. 

Tarixiy Ustrushana – bugungi Jizzax vohasidan yetishib chiqqan buyuk faqih Abul-Fath Majduddin Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn Ustrushaniy ilmiy zakovatining mahsuli bo‘lgan “Jomi ahkom as-sig‘or” (“Bola huquqlari kodeksi”) asari nafaqat musulmon huquqshunosligi, balki umumbashariy huquqiy madaniyat durdonalari qatoriga kiradi. Asarda bola huquqlari to‘rtta kategoriyaga bo‘lib o‘rganilgan. Ular bolaning ona qornidagi, go‘daklik, balog‘at va o‘smirlik davrlari bo‘lib, ular huquqiy nuqtai nazardan asoslab berilgan. 

Ushbu asarning ahamiyatini oshiradigan yana bir jihat – unda muallifdan oldin yaratilgan mazkur sohaga oid asarlarning mundarijasi e’tiborga olinganidir. Ya’ni, Ustrushaniy olimona yo‘ldan borib, o‘zigacha yashagan faqihlar asarlarida tarqoq holda o‘z aksini topgan voyaga yetmaganlarga taalluqli fatvolarni jamlagan va o‘rgangan. Ularni tanqidiy saralashga asoslanib, o‘zi yashagan davr uchun dolzarb bo‘lgan ijtimoiy muammolar kontekstidagi salkam bir ming uch yuzta fatvoni shakllantirgan. E’tirof etish lozimki, ularning ko‘pchiligi o‘zining hayotiy kuchini bugun ham saqlab qolgan. 

Iste’dodli tadqiqotchi M.Atayev tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotning ilmiy-amaliy ahamiyati, eng avvalo, Ustrushaniy kitobida keltirilgan fatvolarning deyarli barchasi bugun ham benihoya dolzarb bo‘lib qolayotgan ijtimoiy-huquqiy muammolarga taalluqli ekani bilan belgilanadi. Tadqiqotga jalb etilgan fatvolarning mavzular ko‘lami emizish, taloq, idda, nafaqa, norasidaning qaramoqqa olinishi, voyaga yetmaganlarning mehnatga jalb qilinishi, bolaga Qur’on berish, bola ishtirokidagi savdo-sotiq shartlari, nomusulmon norasidalarga munosabat, mulkiy masalalar, voyaga yetmaganlarning haj qilishi, qiz bolani o‘ziga teng bo‘lmaganga nikohlash, mahr, meros, yetimning moli, topib olingan bolaning taqdiri va yana o‘nlab yuksak ijtimoiy ahamiyatli muammolarni qamrab olganining o‘ziyoq qo‘lingizdagi nashrning bugungi ehtiyojlar bilan nechog‘lik uyg‘unligini ko‘rsatib turadi.

E’tiborli jihatlaridan yana biri shundaki, Ustrushaniy asari G‘arb dunyosidagi inson huquqlari masalasiga bag‘ishlangan nazariy konsepsiyalar shakllanishidan taxminan to‘rt yuz yil avval yaratilgan. Boshqacha aytganda, antik davrda ko‘tarilgan insonning tabiiy huquqlari haqidagi g‘oyaga G‘arbda qayta murojaat qilinishidan anchagina muqaddam Sharqda uni ro‘yobga chiqarishning mukammal mexanizmlari shakllantirilgan edi. Zero, islomdagi fatvo instituti asrlar davomida musulmon jamiyati hayotini tartibga solishning shariatga asoslangan muvofiqlashtiruvchi mexanizmi vazifasini bajarib kelgan, fatvolar ijtimoiy va individual ahamiyatga molik katta-kichik muammolar yechimining huquqiy-me’yoriy mezonlari sifatida amal qilgan. 

Yana shuni ta’kidlash lozimki, o‘rta asrlar va keyingi tarixiy davrlarda ham norasidalar huquqlariga bag‘ishlangan alohida asar yozilgani ma’lum emas. Bu Ustrushaniy asarining ilmiy qimmatini yanada oshirib, uni inson huquqlarining muhim segmentlaridan birini tashkil etadigan yuvenal huquq, ya’ni bola huquqlari ilmiy yo‘nalishining shakllanishi tarixiga oid benazir manbaga aylantiradi.

Ta’kidlash o‘rinliki, oxirgi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida diniy-ma’naviy mohiyatli qadriyatlarning hayotiy maqomini tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bunyod etilayotgan “O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi” deb nomlangan muazzam ma’rifat qo‘rg‘oni kabi ushbu sohaga taalluqli ta’sirchan mexanizmlar bunyod etilmoqda Bunday savobli ishlar negizida Ustrushaniy kabi alloma bobokalonlarimiz zakovati bilan yaratilgan bezavol durdonalar hamda ularning olimona sa’y-harakatlari natijasida o‘rta asrlarda yurtimiz hududida shakllangan ilmiy-madaniy markazlar faoliyatini o‘rganish va ularning intellektual mahsulini xalqimizga qaytarishdek ezgu maqsadlar yotadi. 

“Jomi ahkom as-sig‘or” – “Bola huquqlari kodeksi” muallifi aynan yurtimizda tug‘ilib, kamol topgani bilan mamlakatimizda kechayotgan bugungi diniy-ma’naviy va ilmiy-madaniy jarayonlar o‘rtasida ramziy bog‘liqlikni ko‘rish mumkin. Jumladan, bugun ham, o‘rta asrlardagi  kabi, yurtimizning asosiy boyligini intellekt, ya’ni aqliy salohiyat tashkil etishini ta’minlashga qaratilgan bunyodkor ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtboshimizning “Biz keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik” degan da’vatkor g‘oyasi mamlakatimizni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi tamal toshi, ta’bir joiz bo‘lsa, milliy g‘oyamizga aylanmoqda.

Ustrushaniy asarida bayon etilgan g‘oyalarning keng ommaga taqdim etilishining bir qator fundamental ahamiyatli jihatlari bor. Jumladan, buning natijasida inson huquqlari haqidagi g‘oyaning paydo bo‘lishi G‘arb dunyosi bilan bog‘liq degan fikrni qayta ko‘rib chiqish zarurati ayonlashadi. Ushbu umuminsoniy ahamiyatga molik g‘oyaning ildizlari musulmon olamining Movarounnahr o‘lkasi bilan bog‘liq ekani keng jamoatchilik, jumladan, xorijiy ommaga ma’lum bo‘ladi. “Jomi ahkom as-sig‘or”da keltirilgan huquqiy masalalardan bugungi kunda uchrayotgan muammolar yechimini topishda foydalanish imkoniyati yaratiladi. O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan Birinchi Renessansning Ustrushana ilmiy-madaniy markazi bilan bog‘liq qirrasi yanada oydinlashadi. Unda faoliyat ko‘rsatgan yuzdan ortiq olimlarning ilmiy merosiga e’tibor jalb etiladi. Yosh avlodni tarbiyalashda diniy-ma’naviy merosdan sog‘lom tarzda foydalanish metodologiyasi takomillashtiriladi. Yuvenal huquq ilmiy yo‘nalishiga XX asrda G‘arbda emas, balki XIII asrning boshida Movarounnahrda asos solingani  o‘z isbotini topadi.

“Jomi ahkom as-sig‘or” misolida hanafiy mazhabining nechog‘lik insonparvarligi yana bir karra o‘z isbotini topgan, deyish mumkin. Zero, bola huquqlariga bag‘ishlangan bunday to‘plam islom tarixida faqat hanafiy mazhab vakillari tomonidan yaratilgan. Ushbu qimmatli bitik misolida islomda bolalarga shafqatsiz muomala qilinadi degan asossiz iddaolarga zarba beriladi.

Mazkur asar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bajarilayotgan “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi: Movarounnahrda diniy-ma’naviy va ilmiy-madaniy markazlarning shakllanishi va rivojlanishi” loyihasi doirasida nashr etildi. Aytish mumkinki, ushbu ilmiy loyiha oxirgi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’naviy sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarning mantiqiy natijalaridan biri sifatida dunyo yuzini ko‘rdi. Undagi ma’lumotlar yurtimiz taraqqiyotining navbatdagi bosqichi – Uchinchi Renessans tag-zaminini mustahkamlash ishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi degan umiddamiz.

Zohidullo MUNAVVAROV, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, siyosiy fanlar doktori

Manba: UzA

Izoh qoldirish