
Yangi O‘zbekiston – xalqchil siyosat va milliy tiklanish davri
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
1991-yil 1-sentabri nafaqat davlat mustaqilligi, balki millatning o‘zligini anglash, tarixiy xotirani tiklash va milliy taraqqiyot sari dadil qadam qo‘yish davrining boshlanishi edi. Oradan 34 yil o‘tdi. Bugun biz Yangi O‘zbekiston sari dadil odimlayotgan, xalq manfaati ustuvor bo‘lgan, inson qadri yuksak darajaga ko‘tarilgan davlatda yashayapmiz. Ushbu davrni haqli ravishda xalqchil siyosat va milliy tiklanish davri deb atash mumkin.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni markazida inson qadri turadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Inson qadri uchun” degan tamoyili amalda o‘z ifodasini topmoqda. Endilikda xalq davlat uchun emas, balki davlat xalq uchun xizmat qiladi. Bu yil mustaqilligimizning 34 yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilishi ham bevosita islohotlarimizning mazmun-mohiyatini, uzviyligini о‘zida mujassam etgan.
Misol uchun, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan 2017-yildan boshlab, barcha darajadagi rahbarlar xalq orasiga tushib, ularning muammolarini joyida eshitishi va ularni hal qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Har bir viloyat, tuman va shaharda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari bugun millionlab fuqarolarning murojaatlarini o‘rganib, ularga amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim misol – “Mening konstitutsiyam” tamoyiliga asoslangan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 2023-yilda umumxalq referendumi orqali qabul qilinishi bo‘ldi. Bu xalqning bevosita davlat boshqaruvida ishtirok etishidan dalolatdir. Milliy tiklanish – o‘zligimizga qaytish va yangi avlodni tarbiyalash. Milliy tiklanish – bu o‘z tariximiz, qadriyatlarimiz, tilimiz, madaniyatimiz va dinimizga bo‘lgan e’tiborning ortishi, uni asrab-avaylashdir. Yangi O‘zbekistonda bu borada muhim ishlarga qo‘l urilmoqda.
Masalan, tarixiy shaxslar va olimlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek merosining o‘rganilishi, ularning ilmiy-tarixiy faoliyatini xalqimizga yetkazish ishlari boshlangan. O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi (Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkent) madaniy meros obidalari ta’mirlanmoqda va xalqaro darajada targ‘ib qilinmoqda.
Milliy qadriyatlarimizga asoslangan ma’naviy tarbiya bugun maktab va oliy o‘quv yurtlari dasturlarida o‘z aksini topmoqda. Yangi avlodning ma’naviyatli, vatanparvar, bilimli va tashabbuskor bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Misol uchun, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” kabi ijtimoiy dasturlar orqali minglab oilalarga yordam berilmoqda. Yoshlar orasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori bilan ommaviy harakatlar, loyihalar va grant dasturlari amalga oshirilmoqda.
Davlat va jamiyat hamkorligi – fuqarolik jamiyatining uyg‘onishi
Yangi O‘zbekiston – bu ochiq, adolatli va shaffof boshqaruv tizimiga asoslangan jamiyatdir. Fuqarolik jamiyati institutlari – nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, journalist va blogerlar faoliyati faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Misol uchun, bugun aholining ko‘plab muammolari ommaviy axborot vositalarida yoritilib, tezda hal qilinmoqda. “Ochiq budjet”, “E-auksion”, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” kabi raqamli tizimlar orqali fuqarolar davlat xizmatlaridan foydalanmoqda, bu esa shaffoflikni kuchaytiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda olib borilayotgan tashqi siyosat ham xalqchil va ochiqlik tamoyillariga tayangan. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda ishonchli va ochiq hamkor sifatida tan olindi. Qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar mustahkamlanmoqda.
Yangi O‘zbekiston – bu oddiy shior emas, balki har bir fuqaroning hayotiga bevosita ta’sir qilayotgan yangilanish va uyg‘onish davridir. Xalqchil siyosat orqali xalq dardi eshitilmoqda, milliy tiklanish orqali esa o‘zligimizga bo‘lgan ishonch kuchaymoqda.
Mustaqillikning 34 yilligi – bu faqatgina tantanali sana emas, balki oramizdagi har bir inson o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rayotgan davrni anglatuvchi tarixiy bosqichdir.
Shunday ekan, har birimiz bu yurtga mehr bilan xizmat qilish, tinchlikni asrash, va eng muhimi – Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lishdek yuksak mas’uliyatni chuqur anglab yashashimiz kerak.
Nuriddin QOLQANOV,
O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
“Xalqaro munosabatlar” kafedrasi dotsenti,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori
Manba: “Ma’rifat” gazetasi 2025-yil 27-avgust, 34-son
Izoh qoldirish