424

“Dunyoviylik va diniylik muvozanati: muammolar va yechimlar” mavzusida onlayn xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti (Qozog‘iston) va Bulg‘or islom akademiyasi (Rossiya) bilan hamkorlikda “Dunyoviylik va diniylik muvozanati: muammolar va yechimlar” mavzusida onlayn xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda mahalliy va xorijlik tadqiqotchilar, ilmiy xodimlar, olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Davra suhbatini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, dotsent Davronbek Maxsudov kirish so‘zi bilan ochib berib, mavzuning bugungi kundagi dolzarbligi haqida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Zamonaviy islom tadqiqotlari bo‘limi katta ilmiy xodimi Andrey Dunayev “O‘zbekistonda dunyoviylik va diniylik: muvozanat muammolari va ularning yechimlari”, Markaz Zamonaviy islom tadqiqotlari bo‘limi yetakchi ilmiy xodimi Zafar Faxriddinov “Islomda dunyoviylik tushunchasi”, “Nur-Muborak” Misr islom madaniyati universiteti (Qozog‘iston) Dinshunoslik kafedrasi dotsenti Damira Sihimbayeva “Qozog‘istonda dunyoviylikni anglash: nazariya va amaliyot”, Bulg‘or islom akademiyasi (Rossiya) doktoranti Almaz Miftaxov “Islom umuminsoniyligi” mavzularida ma’ruza qilishdi.

Davra suhbati davomida soha vakillari tomonidan mavzuning ko‘lami, ilmiy-amaliy jihatlari, bugungi kundagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Ma’ruzachilar o‘z chiqishlarida ilmiy asoslangan tadqiqotlari, to‘plagan boy tajribalari bilan o‘zaro o‘rtoqlashdi.   

Mazmunli va foydali o‘tgan tadbir so‘ngida mavzuga oid savollarga mutaxassislar tomonidan ilmiy asoslangan javoblar, taklif va fikr-mulohazalar berildi. Bunday ilmiy xalqaro davra suhbatlarini muntazam o‘tkazib turish har bir tashkilot, muassasa vakillari uchun manfaatli hamda soha rivoji uchun muhim qadamlardan bo‘lib xizmat qilishi bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish