338

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) koordinatorlari Akademiyaga tashrif buyurdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – JICA tashkiloti koordinatorlari Shimm’yo Naoki va Odil Xasanov bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrohim Usmonov, “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti dekani Ashirali Abdirashidov, Xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Abdullajonov ishtirok etdi.

Muloqotda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda JICA tashkiloti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, Akademiya ta’lim jarayoniga yaponiyalik volontyor o‘qituvchilarni jalb qilish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuvda Akademiya prorektori Ibrohim Usmonov JICA tashkiloti bilan muntazam olib borilayotgan hamkorlikdan mamnunligini va Akademiyaga volontyor sifatida jalb qilingan yaponiyalik mutaxassislar talabalar va o‘qituvchilar uchun yangi bilimlarni olishda katta ahamiyat kasb etgani uchun agentlik vakillariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Akademiyada talabalarga yaratilgan sharoitlar, ilmiy salohiyati haqida ma’lumot berdi. 

Shundan so‘ng Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi koordinatori Shimm’yo Naoki 2020-yilda boshlangan pandemiya sababli akademiyaga jalb etilgan volontyorlar vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatganligi va akademiya rahbariyati roziligi bilan 2021-yil avgust oyidan “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasiga volontyori Date Masashi akademiyada qayta ishlashi mumkinligini ma’lum qilishdi. 

O‘z navbatida Xorijiy talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Abdullajonov akademiya bu taklifni qo‘llab-quvvatlashini, shu bilan bir qatorda akademiyadagi turizm yo‘nalishi bo‘yicha ham yaponiyalik volontyorlarni jalb qilinishi rejalashtirilayotganini bildirdi.

Uchrashuv yakunida har ikki tomon vakillari o‘zaro hamkorlikdan mamnun bo‘lishlarini bildirishdi. Bu kabi amaliy va samarali uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazishga, tomonlar volontyor jalb qilish, akademiyada ularga yaratiladigan sharoitlar hamda kelgusidagi rejalar bo‘yicha kelishib olishdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish