582

Muhammad ibn Sa’id Busiriyning “Qasida al-burda” asari

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Manbalar xazinasi” bo‘limida “Qasida al-burda” asarining qo‘lyozmasi 335-raqam ostida saqlanadi.

Mazkur qo‘lyozma majmua kitob bo‘lib, “Qasida al-burda” va “Sharh qasida al-burda” asarlaridan iborat. “Qasida al-burda” asarining mazkur nusxasi forscha tarjimasi bilan yozilgan. Fors tilidagi tarjima asosiy matn tagida va hoshiyada chiroyli shaklda berilgan. 

Qo‘lyozma taxminan XIX asr oxirlarida nasta’liq xatida ko‘chirilgan. Umumiy hajmi: 110 varaq, birinchi asar: 24 (5b-28b) varaq, ikkinchi asar: 73 (29a-101b) varaq. Muqova o‘lchami: 14x25,5; matn o‘lchami: 6x17. Sahifalari poygirlangan. Muqovasi qattiq kartondan, ustiga moshrang qog‘oz yelimlangan, tayakisi qizil charmdan. Muqovasi biroz ko‘chgan, usti va orqasida bitta katta, ikkita kichik tamg‘a mavjud. Qo‘lyozmaning 4b sahifasida “Qasida al-burda”ning boblari va baytlarining soni haqida ma’lumot keltirilgan. Mazkur sahifalar keyinchalik qo‘shilgan ko‘rinadi, sababi qog‘ozi asosiy matn yozilgan sahifalarning qog‘ozidan farq qiladi, shuningdek, xatlarning yozilishi ham turlicha. 1b sahifada keltirilgan ma’lumotda 1337/1919-yil, sha’bon oyi sanasi ko‘rsatilgan, lekin asosiy matnda asarning ko‘chirilgan vaqti, kotibi haqida ma’lumot berilmagan, qo‘lyozmaning so‘nggi 110a sahifasida ham 1337/1919-yil, shavvol oyi sanasi ko‘rsatilgan, bizningcha, yuqorida ko‘rsatilgan sanalarning qo‘lyozma ko‘chirilgan sanaga aloqasi yo‘q.

Muallif haqida

Misrlik mashhur shoir va so‘fiy Abu Abdulloh Muhammad ibn Sa’id Busiriy 1213-1295-yillarda yashagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Jazoirdagi Dalos qishlog‘ida tug‘ilib, Busir qishlog‘ida voyaga yetgan, so‘ngra Qohiraga ko‘chib o‘tgan. Busiriy shoziliya tariqatiga mansub bo‘lib, mashhur so‘fiy shayx Abul Abbos Mursiyning (1219-1281) shogirdi bo‘lgan. Busiriy Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam hayotlariga juda qiziqib, uni mukammal o‘rgangan va u zotning siyratlarini madh etgan.

Manbalarda Busiriy qalamiga mansub quyidagi nazmiy va nasriy asarlar zikr qilingan: 1. “Al-hamziyya” (“Ummul quro”). 2. “Al-qasida al-mudariyya fi xayr al-xalq al-bariyya”. 3. “Zaxr al-ma’ad”. 3. “Al-maxraj val-mardud a’lan-nasoro val-yahud”. 4. “Tahzib al-alfaz al-a’miyya”. 

“Qasida al-burda” asari xususida

Mazkur nazmiy asarning asl nomi “Al-kavakib ad-durriyya fi madh xayr al-barriyya” bo‘lib, so‘ngra “Qasida al-burda” nomi bilan shuhrat qozongan. Buning sababi asarning yozilish tarixi bilan bog‘liq. Manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, asar muallifi Busiriy falaj kasaliga chalinib, tanasining yarmi ishlamay qoladi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bag‘ishlab, ushbu qasidani yozadi va tushida u kishiga o‘qib beradi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam egnilaridagi choponlarini yechib, Busiriyga kiydirib qo‘yadilar va u uyqudan uyg‘onganida falajdan sog‘aygan bo‘ladi. Bu g‘ayritabiiy holatning qissasi keng tarqalib ketadi va yodnoma “Qasida al-burda” nomi bilan shuhrat qozonadi. “Burda” arab tilida chopon, to‘n ma’nolarini anglatadi.

Qasida 10 ta bob va 160 ta baytdan iborat. Har bir bayt “mim” harfi bilan yakunlangan bo‘lib, bu “mimiya uslubi” deyiladi. Qasidaga keyingi avlod so‘fiylar tomonidan ko‘plab sharhlar yozilgan va alohida e’tirof etib kelingan. Asrlar davomida qasidaning baytlari tarixiy bino va masjidlarning devorlariga xattotlik san’atining turli uslublarida bitilgan. Madinai munavvaradagi “Masjid an-nabaviy” devorlarini ham “Qasida al-burda” asaridagi baytlar ko‘p yillar davomida bezab turgan, hokimiyatga Saud oilasi kelgandan so‘ng o‘chirib tashlangan. “Qasida al-burda” hozirga qadar ko‘plab sunniy musulmonlar tomonidan e’zozlanadi va turli diniy marosimlarda o‘qiladi. Qasidaga 90 dan ortiq sharhlar yozilgan hamda fors, urdu, panjob, turk, ingliz, fransuz, nemis, xitoy va boshqa tillarga tarjima qilingan.

 Qo‘lyozmadagi ikkinchi asar “Qasida al-burda” asariga yozilgan sharhlardan biri bo‘lib, u haqda keyingi maqolalarda to‘xtalib o‘tamiz.

Aziza MANNAPOVA,

“Manbalar xazinasi” bo‘limi ilmiy xodimi

Izoh qoldirish