Inson qadri – uning fundamental huquq va erkinliklari ta’minlanishidir
8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Davlatimiz rahbari inson qadri haqida so‘z yuritar ekan, bu biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas, deb alohida ta’kidladi. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.
Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz, deya qayd etildi.
Buning amaliy ifodasi sifatida islohotlarning tub mohiyati jamiyatimiz a’zolari uchun hech kimdan kam bo‘lmagan munosib turmush tarzini yaratishga qaratilmoqda.
O‘zbekistonimizning asosiy qonuni bo‘lmish Konstitutsiyaning 39-moddasida “Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega” ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.
Aynan fuqarolarimiznig ushbu huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan birgina 2017-2021-yillarda amalga oshirilgan ijtimoiy ta’minot sohasidagi islohotlar, pensionerlarning ijtimoiy himoyasi, ularning turmush tarzi, uzoq vaqtlardan buyon yechilmay kelgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish yo‘lida keskin burilish yasadi. Ushbu davr mobaynida fuqarolarning ijtimoiy ta’minotini tubdan yaxshilash maqsadida pensiya qonunchiligiga oid ellikdan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi hamda amaldagilariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Pensiyalarni kechiktirib to‘lash hollariga chek qo‘yildi. Barcha turdagi pensiyalarni to‘lash hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd pul shaklida amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, pensiya va nafaqalarni o‘z egalariga vaqtida yetkazib berish maqsadida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni to‘lash faqat “Xalq banki” tomonidan amalga oshirila boshlandi.
Ishlaydigan barcha pensionerlarga 2019-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanishi amaliyotga joriy qilindi (bungacha ishlaydigan pensionerlar tayinlangan pensiyaning 50 foizini olar edi).
O‘z faoliyatini norasmiy tarzda amalga oshirib kelayotgan fuqarolarning kelajakdagi ijtimoiy himoyasini ta’minlash maqsadida ularga bir qancha ijtimoiy qulayliklar yaratildi.
Jumladan, 2018-yildan boshlab ipakchilik tarmog‘iga taalluqli bo‘lgan va fermer xo‘jaliklarida bajariladigan mavsumiy ishlar pensiya tayinlash uchun stajga bir yillik ish sifatida olinishi joriy qilindi.
Qishloq joylarida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlarga o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘lash bo‘yicha ijtimoiy imtiyoz berildi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 26-apreldagi qaroriga muvofiq, 2018-yil 1-iyuldan dehqon xo‘jaligi va 4 sotixdan kam bo‘lmagan tomorqa yerida band bo‘lgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam bo‘lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar tomonidan pensiya jamg‘armasiga yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida ijtimoiy soliq to‘langan taqdirda, sug‘urta badali to‘langan yil mehnat stajiga bir yil hisobida olinishi joriy qilindi.
Prezidentimizning 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 68 turdagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lasa, bir yil stajga o‘tishi belgilandi.
2018-yil 1-avgustdan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar tomonidan Pensiya jamg‘armasiga eng kam ish haqining to‘rt yarim baravari miqdorida yillik sug‘urta to‘lovlarini ixtiyoriy ravishda to‘lovlar amalga oshirgan davrlari belgilangan tartibda mehnat stajiga bir yil hisobida qo‘shilishi yo‘lga qo‘yildi.
2019-yil 1-avgustdan boshlab II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyalari eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 25-martdagi “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”dagi farmoni bilan 2021-yil 1-apreldan boshlab “Saxovat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida yashovchi yolg‘iz pensionerlarga shaxsiy sarf-xarajatlari uchun to‘lanadigan oylik pensiya miqdori 10 foizdan 20 foizgacha oshirildi.
Pensiya va nafaqalarni tayinlashda fuqarolar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida 2021-yil 1-iyundan boshlab pensiyani hisoblash uchun mehnat stajini tasdiqlash va ish haqi miqdorini belgilashda arxiv ma’lumotlari talab etilmasligi belgilandi.
Bunda 2005-yilgacha mehnat daftarchasidagi yozuvlardan; 2005-2016-yillar davri uchun jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan, 2016-2018-yillar davri uchun fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan, 2019-yil uchun fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan, 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mavjud ma’lumotlardan kelib chiqib amalga oshirilishi joriy qilindi.
Shu tariqa jismoniy shaxslarning mehnat stajlarini elektron hisobga olish joriy qilindi. Bundan tashqari, pensiya tayinlash uchun arizalar Pensiya jamg‘armasining axborot tizimida elektron tarzda ro‘yxatga olinishi yo‘lga qo‘yildi va Fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri bazasi yaratildi.
Shuningdek, ishlovchi fuqarolarga ishlamaydigan turmush o‘rtoqlari kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishlari uchun o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda har oyda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkinligi belgilandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson e’tibordan chetda qolmasligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etilgani ijtimoiy himoyani aniq, manzilli amalga oshirish imkoniyatini yaratdi.
Shuni qayd etish lozimki, asosiy e’tibor aholining kam ta’minlangan qatlamlariga dotatsiya berish emas, balki ularga daromad topish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar tug‘dirishga qaratilmoqda.
X.Burxonxo‘jayeva,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti
uza.uz
Izoh qoldirish