1

Talabalar uchun binar dars o‘tkazildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “G‘arb sanksiyalarining Rossiyaga ta’siri hamda ularni bartaraf etish uchun olib borilayotgan diplomatik muloqotlar” mavzusida onlayn binar dars bo‘lib o‘tdi. 

Unda Times Higher Education 2025 jahon reytingida 69-o‘rinni egallagan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Illinoys Urbana-Shampeyn universiteti (University of Illinois Urbana-Champaign) professori, vatandoshimiz Ikromjon To‘xtasinov hamda “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi dotsenti Musurmon Xurramovlar tomonidan qo‘shma ma’ruza tashkil etildi.

Ma’ruzada “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda “Xalqaro munosabatlar” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabalari ishtirok etishdi.

Dastlab professor Ikromjon To‘xtasinov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi so‘zlagan nutqida bildirilgan tashabbuslar AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar tomonidan yuksak e’tirof etilgani, O‘zbekiston rahbarining BMT bosh qarorgohida Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralari yuqori darajada tashkil etilgani hamda bu uchrashuv AQSH yetakchilari tomonidan iliq kutib olinganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ma’ruzada G‘arb davlatlari tomonidan kiritilgan sanksiyalarga Rossiya davlati parallel moliya tizimini shakllantirish, energetika mahsulotlarini an’anaviy davlatlardan boshqa davlatlarga sotish, uchinchi davlatlar orqali yuqori texnologiyalarni re-import qilish orqali moslashishga harakat qilayotgani haqida batafsil ma’lumot berildi. 

Dars yakunida Akademiya va Illinoys Urbana-Shampeyn universiteti o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, Akademiya professor-o‘qituvchilarni qisqa muddatli ilmiy stajirovka va malaka oshirish kurslariga yuborish hamda doimiy qo‘shma ma’ruzalarni tashkil etishga kelishib olindi.   

Izoh qoldirish