459

Akademiyaga Turkiyaning nufuzli universiteti vakillari tashrif buyurdi

Yurtimiz oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida tashrif buyurgan Turkiyaning Kutahya Dumlupinar universiteti vakillari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mehmon bo‘lishdi.

Tashrif davomida Turkiyaning Kutahya Dumlupinar universiteti rektori Kazim Uysal hamda universitet qoshidagi institut direktori professor Shoxmurod Arik O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Nufuzli mehmonlarni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Ibrohim Usmonov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Bahromjon Mamadiyev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov kutib oldi.

Uchrashuvda Zohidjon Islomov so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida barcha sohalarda birodarlik, do‘stlik, hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga mehmonlarga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ilmiy-pedagogik faoliyati, talabalarga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Akademiyada muqaddas islom dinini fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini tadqiq etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash oliy ta’lim muassasasining ustuvor maqsadi ekanligi qayd etildi. Prezidentimiz tomonidan Akademiya qoshida tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan islom olamining buyuk mutafakkirlaridan biri bo‘lgan Imom Moturidiyning ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq etish, keng jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. 

O‘z navbatida Kutahya Dumlupinar universiteti rektori Kazim Uysal mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, tarixan qardosh bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy hamkorliklar mamlakatlarimiz taraqqiyotiga xizmat qilishini bildirdi.

Ta’kidlash joiz, Kutahya Dumlupinar universiteti 1992-yilda tashkil etilgan. Universitetda ming nafarga yaqin o‘qituvchi-professorlar 45 mingdan ziyod talabalarga saboq beradi. U Turkiyaning eng yaxshi 50 ta oliy ta’lim muassasasi qatoridan o‘rin olgan. Universitet tarkibida 1 ta institut, 11 fakultet hamda 14 ta kollej faoliyat yuritadi.

Samimiy muloqotdan so‘ng xorijlik mehmonlar “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob va qadimiy qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayxontohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralariga ziyorat tashkil etildi.

Tashrif yakunida mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyatiga yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish